O‘zA O`zbek

23.02.2019 Chop etish versiyasi

Qadimiy usulda tayyorlangan qogʻozdan zamonaviy buyumlar

Qadimiy usulda tayyorlangan qogʻozdan zamonaviy buyumlar

FOTORЕPORTAJ. “Olamda yaxshi kogʻaz Samarqanddin chiqar, Juvozi kogʻazlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat ham derlar”. Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan shunday qayd etilgan Samarqand qogʻozi bugun ham oʻz dovrugʻi bilan nafaqat mutaxassislar, balki sayyohlar eʼtiborini ham tortmoqda.

Samarqand tumanida joylashgan “Konigil meros” xususiy korxonasida qadimiy usulda tayyorlanayotgan Samarqand qogʻozi nafisligi, sifati bilan boshqa qogʻozlardan ajralib turadi. Shuningdek, uning rangi oq-sargʻish boʻlgani bois inson salomatligiga, yaʼni koʻrish qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi. Eng muhimi, tut daraxtidan tayyorlanayotgan mazkur qogʻozga hasharot zarar yetkazolmaydi. Shu bois, boshqa qogʻozlar 40-50 yil saqlansa, Samarqand qogʻozi 400-500 yilgacha oʻz sifatini yoʻqotmaydi.

– Tut daraxti poʻstlogʻidan tayyorlanadigan Samarqand qogʻozi tarkibida ipak boʻlgani uchun uni hashorat yemaydi, – deydi korxona ish yurituvchisi Sanjar Muxtorov. – Mazkur qogʻoz maxsus ishlov berish, yaʼni marmar tosh bilan silliqlanishi natijasida ikki tomoni ham bir xil silliq holda boʻladi. Qogʻozning ikki tomoniga ham yozish, miniatyura chizish mumkin. Shu jihati bilan Xitoy, Yaponiyada ishlab chiqarilgan qogʻozdan farq qiladi. Samarqand qogʻozi suvda ham, qaynatilganda ham oʻz sifatini yoʻqotmaydi, maʼlum muddat quritilgandan keyin undan yana foydalanish mumkin. Shuning uchun nafaqat yurtimiz xattotlari, miniatyurachi-rassomlari, balki xorijdan ham koʻplab buyurtmalar boʻlmoqda.

Ayni paytda 12 nafar ishchi mehnat qilayotgan korxonada Samarqand qogʻozi ishlab chiqarish bilan birga, undan turli sovgʻabop mahsulotlar tayyorlash ham yoʻlga qoʻyilgan. Turli oʻyinchoqlar, yon daftarcha, kiyim-kechak, sumkachalar mahalliy va xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

– Ayniqsa, xorijlik sayyohlar qogʻoz ishlab chiqarish jarayonini kuzatish bilan birga, bevosita unda qatnashib, oʻz qoʻli bilan qogʻoz tayyorlab koʻrardi, – deydi korxona rahbari Zarif Muxtorov. – Bu ularni yanada qiziqtirib, sayyohlar oqimi kengayishini taʼminladi. Ayni jihatlarni eʼtiborga olib, korxonamizda qadimiy usulda oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish — moyjuvoz qurdik. Unda zigʻirdan tayyorlangan yogʻdan milliy taom — palov tayyorlab mehmonlarga tortiq etamiz. Shuningdek, shu yerning oʻzida kulolchilik markazi tashkil qilyapmiz. Markazda kulolchilik mahsulotlari tayyorlaymiz, mehmonlarga ham bevosita mazkur jarayonda qatnashish imkonini yaratamiz.Oʻtgan yili korxonamizga 6 mingga yaqin xorijlik va mahalliy sayyoh kelgan boʻlsa, amalga oshirayotgan loyihalarimiz natijasida joriy yilda bu koʻrsatkich ikki barobardan oshishi kutilmoqda.

Korxona rahbarining taʼkidlashicha, moyjuvoz va kulolchilik markazi tashkil etilishi natijasida yana 10 ga yaqin ish oʻrni yaratilishi belgilangan. Mazkur loyihalar joriy yil mart oyidan amalga oshadi. Bir vaqtning oʻzida qadimiy Samarqand qogʻozi tayyorlanishi, kulolchilik ustaxonasida loydan buyum yasash, tabiiy yogʻdan osh tayyorlanish jarayonidan tortib, uni tanovul qilish imkoniyatining bir joyda boʻlishi har qanday sayyohni oʻziga jalb qilishi tayin.

photo_2019-02-23_11-08-32.jpg

photo_2019-02-23_11-08-33 (2).jpg

photo_2019-02-23_11-08-33.jpg

photo_2019-02-23_11-08-34.jpg

photo_2019-02-23_11-08-35.jpg

photo_2019-02-23_11-08-36 (2).jpg

photo_2019-02-23_11-08-36.jpg

photo_2019-02-23_11-08-37.jpg

photo_2019-02-23_11-08-38.jpg

2 304
Alisher Isroilov (surat), OʻzA