O‘zA O`zbek

20.08.2018 20:13 Chop etish versiyasi

Qadimiy bayramimiz Qurbon hayitini keng bayram sifatida nishonlaymiz!

Qadimiy bayramimiz Qurbon hayitini keng bayram sifatida nishonlaymiz! 2018 yil 20 avgust kuni Vazirlar Mahkamasida Qurbon hayitini munosib nishonlash masalasiga bag‘ishlangan selektor majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov olib bordi.

Majlisda xalqimizning ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, muqaddas islom dinining ezgu g‘oyalarini yaqqol ifoda etadigan, qadimiy bayramimiz Qurbon hayitini keng bayram sifatida nishonlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Qurbon hayitini joylarda ko‘tarinki ruhda, tartibli va xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tkazish, hayit namozi o‘qiladigan barcha masjidlarda fuqarolarning ibodat qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish, erta tongdan jamoat transport qatnovini tashkil etish, masjidlar atrofida avtomobillar vaqtincha turar joylarni hozirlash yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan birga, har bir tuman, mahalla, ovul va qishloqlardagi yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarga hamda “Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Saxovat” uylariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, bozorlarda savdo xizmatini yuqori saviyada tashkil etish, istirohat bog‘lari, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda aholi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish lozimligi ta’kidlandi.

Selektor majlisida Hukumat a’zolari, viloyat hokimlari, tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

O‘zA
2 684