O‘zA O`zbek

01.08.2018 20:01 Chop etish versiyasi

Qadim Samarqand sari farahbaxsh parvoz

Qadim Samarqand sari farahbaxsh parvoz Kuni kecha, aniqrog‘i, 28 iyul tongida Vatanimiz poytaxti so‘lim Dushanbedan O‘zbekistonning qadim va hamisha navqiron shahri – Samarqandga uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yana samolyot parvoz qildi.

Samarqand sari farahbaxsh parvoz xalqlarimizga yana bir olam quvonch bag‘ishladi.

Minglab ko‘zlarda yana sevinch yoshlari halqalandi.

Uzoq yillar bir-biriga talpingan so‘lim shaharlar qalbi bu kun yana tutashdi.

***

Bir guruh jurnalistlar, “Tojik Eyr” milliy aviakompaniyasi rahbariyati va yo‘lovchilar mingan “Boeing 737-300” samolyoti Dushanbedan havoga ko‘tarilganida soat sakkizdan o‘ttiz daqiqa o‘tgan edi. Chindan ham xalqlarimizning xursand bo‘lganicha bor. “Dushanbe – Samarqand” havo yo‘li qariyb chorak asrlik tanaffusdan so‘ng qayta tiklanishi tahsinga sazovordir. Azaldan tojigu o‘zbek haqida gap ketganda “qon-qarindosh”, “et bilan tirnoq”, “qondoshu jondosh” kabi so‘zlar hech bir mubolag‘asiz ishlatiladi, axir.

Darhaqiqat, urfu odatlari, turmush tarzi, dinu mazhabi bir bo‘lgan tojigu o‘zbekni ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq, deyishadi. Bir xalqni esa hech qachon hech kim ikkiga ajrata olmaydi. Asrlarning murakkab sinovlarida toblangan bu do‘stlik hamisha o‘z kuchida qolgan.

Sho‘rolar saltanati o‘rnida yuzaga kelgan mamlakatlar o‘z mustaqilligini e’lon qilgach, bu davlatlarda tiklanish va taraqqiyot bosqichi juda og‘ir kechdi. Qo‘shni davlatlar turli sabablarga ko‘ra bir-biridan uzoqlashdi. Bugun Tojikiston – O‘zbekiston munosabatlari ikki dono rahbarning oqil va dono siyosati natijasi o‘laroq, yana yuksak pog‘onaga ko‘tarilgani g‘oyat quvonchlidir.

Joriy yilning mart oyida Tinchlik va milliy birlik asoschisi –Millat peshvosi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Imomali Rahmon tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev Dushanbega tashrif buyurdi. 

2 (1).jpg 

Tarixiy deb ta’riflangan bu tashrif chog‘ida ikki davlat va xalq manfaatlari uchun muhim hujjatlarga imzo qo‘yildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tashrif haqiqatdan ham tarixiy bo‘lib, unda do‘stu birodar bo‘lgan Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasida yillar davomida to‘planib qolgan barcha muammolar o‘z yechimini topdi.

O‘zbekiston sarvari esa bu borada so‘z yuritib, ikki davlatning bir-biriga ochilayotgan darvozalari hech qachon yopilmaydi, deya ta’kidladi.

– “Dushanbe – Samarqand” havo yo‘lining ochilishi ham ikki Prezidentning tarixiy uchrashuvi mevasidir, – deydi “Tojik Eyr” milliy aviakompaniyasi bosh direktori Xayrullo Rahimov. – O‘ylaymanki, bu ezgu ish uzoq yillar ikki xalq manfaatiga birdek xizmat qiladi.

***

Soat to‘qqizga yaqinlashar ekan, styuardessaning e’lonidan xayol bo‘lindi.

“…Sanoqli daqiqalardan so‘ng samolyotimiz qadimiy Samarqand shahri aeroportiga qo‘nadi”.

Tobora pastlayotgan samolyot illyuminatoridan yerga qarayman. Mohir musavvir chizib qo‘ygandek aniq-tiniq ajib manzaralar: qator uylar, daryolar, mashinalar, odamlar tobora ko‘zga yaqin ko‘rina boshlaydi. Xayolni Samarqandning betakror mo‘jizalari egallaydi.

Samarqand xayoli!.. Shoir ta’biri bilan aytganda, bu xayol juda ham sirli va jozibali!..

Ruhimni Samarqand xayoli chulg‘adi…

Men bundan qariyb o‘ttiz yil oldin, aniqrog‘i, talabalik davrimda kelganman bu shaharga. Shu bois ham ko‘z oldimda darhol tanish manzaralar jonlandi.

Samarqand – necha yillardan buyon dunyo ahlini hayratga solib kelayotgan benazir shahar. Uning tarixi haqida qancha-qancha kitoblar bitilgan. Siru sinoatlarga burkangan Samarqand haqida gapirganda, har gal yangi fikr aytish mumkin, mustaqillik yillarida tobora sayqal topayotgan ko‘hna shahar, ehtimol, shu boisdan ham sirlidir, sinoatlidir.

Samarqandday qutlug‘ bu diyorga bir zamonlar Hazrat Navoiyning muborak qadami tekkan. Bobur Mirzo ot choptirgan bu yerlarda, tiniq osmonlarida Ulug‘bekday daholar yulduz sanagan…

Necha-necha valiylar, avliyolar xoki poyini o‘z bag‘rida saqlab kelayotgan bu tuproq naqadar aziz!

To‘qqizdan beshta o‘tganda, ya’ni o‘ttiz besh daqiqa deganda Samarqand zaminiga qo‘ndik.

Tojikiston va O‘zbekiston aviakompaniyalari rahbarlarining qisqa uchrashuvidan keyin biz, jurnalistlar o‘zimizga ajratilgan katta avtobusda shaharning tarixiy obidalari, diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishga jo‘nadik.

***

Ziyoratni Xo‘ja Doniyor maqbarasidan boshladik. Doniyor payg‘ambar qabri Samarqandning mashhur tarixiy obidalaridan biri bo‘lib, shaharning kunchiqar tarafida joylashgan.

Sayyohlarni maqbara va Hazrati payg‘ambar tarixi bilan tanishtirayotgan mutaxassisning aytishicha, bu payg‘ambar Samarqandda yashamagan ekan. Sarkarda Amir Temur uning xokini Iroqdan ko‘chirib olib kelgan. Aytishlaricha, Doniyor payg‘ambarning xoki poyi qo‘ngan zaminda urush bo‘lmas emish. Shuning uchun ham Sohibqiron uni o‘z davlatining poytaxti bo‘lmish Samarqandga olib kelgan, degan gaplar bor. 

4 (1).jpg

Payg‘ambar qabri ustidagi maqbara XX asrda qurilgan. Uning yonida 650 yil burun ekilgan pista daraxti yashnab turibdi. Ko‘hna daraxt oldida esdalik uchun suratga tushdik.

Maqbara pastrog‘ida yana bir kichikroq maqbara joylashgan bo‘lib, uning ichida buloqdan suv sizib chiqib turar ekan. Bu shirin, shifobaxsh suvdan har bir sayyoh to‘yib-to‘yib ichmoqda. Biz u yerda O‘zbekistonning turli mintaqalari va jahonning turfa mamlakatlaridan kelgan kishilar bilan hamsuhbat bo‘ldik.

Shaharning yana bir buyuk obidasi bo‘lmish Amir Temur maqbarasiga borganimizda soat o‘n birga qarab ketmoqda edi. Ziyoratgohda sayyohlar, ayniqsa, xorijlik mehmonlar juda ko‘p ekan.

Samarqandning osori-atiqalari orasida Amir Temir ziyoratgohi o‘ziga xos o‘rin tutadi… Necha yillar jahonga dovrug‘ taratib o‘tgan Sohibqiron tarixi chindan ham dunyo ahli e’tiborini o‘ziga tortadi. Shuning uchun O‘zbekistonga kelgan mehmon borki, ushbu maskan ziyoratiga oshiqadi. “Go‘ri Amir” nomi bilan tanilgan ushbu maqbara butun jahonga mashhurdir. Maqbara Sharq me’morligining eng noyob asarlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Biz shaharning buyuk ansambli – Registon tomon yo‘l oldik.

Registon… Bu maskanni shaharga tashrif buyurgan har bir kishi ko‘rishga oshiqadi. Registon ansambli – haqiqiy san’at asari. Uch madrasani o‘zida mujassam qilgan bu san’at durdonasi ko‘zi tushgan odamga go‘yo ko‘hna tarixdan afsonalar so‘zlaydi.

“Registon” asli fors-tojikcha so‘z bo‘lib, “qumloq joy” degan ma’noni bildiradi. Manbalarda yozilishicha, o‘rta asrlarda hamma katta shaharlar markazlari Registon, deb atalar ekan. Samarqand Registoni esa Markaziy Osiyodagi eng salobatli va viqorli maydon sanalgan.

O‘zbekiston mustaqilligi davrida bu tarixiy obidaga yanada sayqal berilganini yillar o‘tib uni ikkinchi marta ko‘rgan odam darhol payqashi, shubhasiz. Buning boisi bor, albatta. Istiqlol yillarida nafaqat viloyat, balki respublika miqyosidagi ulkan madaniy tadbirlar ayni mana shu muhtasham maydonda o‘tkazilyapti. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali so‘zimizning isbotidir. Ansambl madrasalarini tomosha qilar ekanmiz, ko‘z o‘ngimda ko‘hna tarix jonlanadi: bu madrasada qancha-qancha olimu ulamo, fozilu fuzalo tahsil olgan. Samarqandni Samarqand qilgan bu madrasa talabalari bugun dorul-baqoga rihlat etgan bo‘lsa-da, ulardan qolgan fayzli ruh bugun Registon uzra kezinayotgandek go‘yo...

Hayratdan vaqt o‘tganini sezmaganimiz bois sayohatimiz juda tez nihoyasiga yetgandek bo‘ldi. Na iloj, vaqtimiz chegaralangan. Hali Samarqandning necha-necha go‘zal obidasi bizni kutayotganiga qaramasdan, guruh boshlig‘imiz tushlik qilib, yana Dushanbega qaytishimizni eslatdi.

Samarqandliklar – ajoyib, mehmondo‘st xalq. Buni ilgaridan bilaman. Shahardagi muhtasham “Karvon” mehmonxonasining restoranida biz uchun tashkil qilingan ziyofat bunga yana bir tasdiq bo‘ldi. To‘kin dasturxon atrofida ikki buyuk xalq haqida ko‘p ajoyib gaplar aytildi. “Karvon”dan shodu xurram qaytar ekanmiz, boshlig‘imiz bizni shu yaqindagi non bozoriga boshladi. Samarqandning dunyoga mashhur nonlaridan xarid qilib, olti soatda olti yillik taassurotlar bilan yana samolyotga chiqdik...

Yoqubjon Abdumannonzoda,
O‘zA uchun maxsus.
Dushanbe – Samarqand – Dushanbe.
2018 yil 28 iyul.

Farhod Abdurasulov (surat)
3 910