O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Qachongacha odamlarga qiyinchilik tugʻdiramiz yoxud yoʻl qoidasi buzilmasligi uchun takliflar...

Qachongacha odamlarga qiyinchilik tugʻdiramiz yoxud yoʻl qoidasi buzilmasligi uchun takliflar...

Uch-toʻrt kun ilgari Toshkentda toʻxtash va toʻxtab turish qoidasini buzganlarni zamonaviy yoʻl bilan jazolash boshlangani, endi ichki ishlar xodimi haydovchining ishtirokisiz maxsus planshet orqali taqiqlangan joyda turgan mashinani suratga olib, belgilangan jarimani elektron tarzda manzilga joʻnatishi maʼlum qilingan edi.

Albatta, bu yangilik iliq kutib olinmadi. Chunki bu masala anchadan buyon muhokama qilinayotgan edi. Yaʼni poytaxtimizda toʻxtash va toʻxtab turishni taqiqlovchi belgilar shunchalik koʻpki, uni buzmaslikning iloji yoʻq. Tegishli idoraga bu belgilarni oʻrnatishni qaytadan koʻrib chiqish taklifi ham berilgan edi. “Qoʻl uchida” nimalardir qilindi, ammo haydovchilar buni his qilmadi.

Toʻgʻri, tartib-qoidani buzgan har qanday shaxs javobgarlikka tortilishi lozim. Ammo buning uchun tarozining pallasi teng ushlanishi, yaʼni fuqarolarga qonunni buzmaslik uchun sharoit yaratilishi kerak aslida.

Hisob-kitoblarga qaraganda, qoidabuzarliklar orasida eng koʻp qayd etilayotgani ham aynan toʻxtash va toʻxtab turish bilan bogʻliq ekan. Demak, bu boradagi tartibni qaytadan koʻrib chiqish lozim. Hech kim ataylab bu qoidani buzmaydi.

TAKLIF...

1. Katta koʻchalarda avtorurargoh qurishning iloji yoʻq ekan, koʻcha boʻylarida harakatga xalaqit bermaydigan darajada arzon narxda vaqtinchalik toʻxtash joylarini tashkil qilish kerak. U yerga bu haqda maxsus belgilar oʻrnatish lozim.

2. Vaqtinchalik avtoturargohga ogʻir mehnatga yaramaydigan yoki biron nuqsoni bor shaxslarni ishga olib, ularni maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlash kerak. Bu bilan yuzlab shaxslarni ish bilan taʼminlagan boʻlamiz (ayrim idoralar, restoran va kafelar oldida anchadan buyon shunday noqonuniy xizmatlar faoliyat koʻrsatadi).

3. Ayrim avtoturargoh lar doimo boʻsh boʻladi. Chunki xizmat haqqi juda yuqori. Odamlar esa tavakkal qilib, mashinasini taqiqlovchi begilar ostiga qoʻyib ketaveradi. Shu bois, avtoturargoh lar narxini qaytadan koʻrib chiqish lozim. “Otning kallasi”dek narx belgilab bir kunda 100 ming ishlagan maʼqulmi yoki arzonroq qilib 500 ming.

4. Avtoturargoh lar narxini mahalliy hokimliklar tomonidan belgilashni bekor qilish kerak. Bozor iqtisodi deya hamma narsaning narxini erkinlashtiryapmiz.

Xullas, har qanday masalada biroz bosh qotirib, odamlarga yengillik boʻladigan yoʻlini topsak boʻladi. Lekin biz aksini qilishni oʻrganganmiz.

Jahongir ZIYAYEV, OʻzMTDP deputati

756
O'zA