Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.06.2018 20:09 Chop etish versiyasi

Qabristonlar qarovsiz qolsa, marhumlar ruhi shod bo‘lmagay...

Qabristonlar qarovsiz qolsa, marhumlar ruhi shod bo‘lmagay...
Respublika ishchi guruhi Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanini o‘rganish chog‘ida ijtimoiy obyektlar, ziyoratgohlar va qabristonlardagi obodonlashtirish ishlarini ham nazardan chetda qoldirayotgani yo‘q.

Jumladan, “Ko‘prikboshi” mahallasidagi “Buloqboshi” ko‘chasida “Boyto‘pi” qabristoni mavjud. Insonlarning so‘nggi maskani bo‘lmish qabristonga kiraverishda o‘ng tarafi taxminan 100 metr masofada devor bilan umuman o‘ralmagan, to‘g‘risidagi tarafda esa sim to‘siqlar tortib qo‘yilgan, chap tomonidan tunuka bilan devorlar pala-partish tarzda ko‘tarilgan. Qabriston chegaradagi zovur 4-5 metrlik qamishlar bilan to‘lib yotibdi. Ko‘rinishidan ancha yillardan buyon tozalanmagani seziladi. Suvda turli hashoratlar, zararli chiqindilar, hatto suv ilonlari ham bor. Qo‘shtepa tumani meloratsiya bo‘limi keyingi yil dasturiga kiritgan zovurni tozalash ishlarini mahalla faollari ham bamaylixotir kutib o‘tiribdi.

Shuningdek, qabristonda ichki yo‘laklar mavjud emas, ayvonni qurish ishlari yakuniga yetkazilmagan, mavjud eski binolar ta’mirtalab, qabristonning 1,5 gektardan iborat yer maydoni obodonlashtirilmagan. O‘rilgan xashaklar negadir olib chiqib ketilmagan, natijada uyum-uyum bo‘lib qurib yotibdi. Natijada yoz oyida havoning jazirama issig‘ida yong‘in chiqish xavfini vujudga keltirmoqda. Qabristonga ichimlik suvi tarmog‘i olib kirilmagan, yong‘in xavfsizligi jihozlari o‘rnatilmagan. Obodonlashtirish bo‘yicha nazoratchi va qorovulni bu yerdan topib bo‘lmadi. Ular doimo tumandagi boshqa hududlarga obodonlashtirish ishlariga jalb etilmoqda, oqibatda asosiy ishi qolib ketayapti.

“Shakar” mahallasida ham ikki qabriston – “Bordonchi” va “Qiziloy” qabristoni mavjud. “Bordonchi” 2016 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘rganishlarda ichki yo‘lakchalar asfaltlashtirilmagani, hududdagi elektr transformatori atrofi o‘ralmagani, oqibatda xavfsizlik me’yorlari qo‘pol buzalayotgani, ma’muriy binolarni qurish ishlari oxiriga yetkazilmagani aniqlandi.

1,2 gektardan iborat yer maydoni tozalanmagan, hashaklar o‘rilmagan, ichimlik suvi tarmog‘i olib kirilmagan, yong‘in xavfsizligi jihozlari yo‘q. “Qiziloy” qabristonining orqa va chap tarafidagi 160 metr uzunlikdagi qismi sim bilan bir amallab o‘rab qo‘yilgan. Vaholanki uning o‘rniga qo‘rg‘on devor ko‘tarish kerak. Ichki yo‘lakchalar hududning yarmigacha qurilib, keyin negadir ora yo‘lda chala tashlab qo‘yilgan. 1,8 gektar yer obod qilinmagan va nochor ahvolda. Ayrim qabr usti yodgorliklari tartibsiz qo‘yilgan.

Berilgan ko‘rsatmaga ko‘ra, mahalla aholisi ishtirokida qabristonni obodonlashtirish ishlari olib borildi. Qabriston va muqaddas qadamjolarni obod qilish, ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish shu hududda yashayotganlarning ham azaliy diniy va milliy qadriyati emasmi? Mahalla qabristonini ham Toshkentdan vakil kelib tozalash haqida tushuntirib o‘tirishi uyat hisoblanmaydimi? O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi Qo‘shtepada nega oqsamoqda? Marhumlar – unutilganlarmi? Ularning xotirasi oldida barchamizda burchdorlik hissi bor-ku axir.

Laziz Rahmatov, jurnalist

1 726