O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Pushkin dahosiga ehtirom

Pushkin dahosiga ehtirom

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan buyuk rus shoiri A.S.Pushkin tavalludi munosabati bilan “Rus sheʼriyatining quyoshi” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu maʼrifiy tadbirdan koʻzlangan maqsad, aholi, shu jumladan, bolalar va yoshlarda bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuygʻusini mustahkamlash, buyuk shoir Aleksandr Pushkinning hayoti va ijodini, avlodlarga qoldirgan bebaho maʼnaviy meʼrosini oʻrganish, targʻib qilish orqali yoshlarni adabiyotga, tarixga, sheʼriyatga va kitobxonlikka qiziqishini oshirishdan iborat.

Tadbir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston rus milliy madaniy markazi, Rossiya hamkorlik tashkiloti (“Rossotrudnichestvo”)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirokida shoir haykali poyiga gulchambar qoʻyishdan boshlandi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi R.Qurbonov mamlakatimizda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashayotgani, ularning milliy bayram hamda madaniyat kunlari keng nishonlanayotgani Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan hamjihatlikka asoslangan xalqparvar siyosatning ifodasi ekanini taʼkidladi.

photo_2020-06-06_21-10-14.jpg

Tadbir doirasida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan rus adabiyoti durdonalaridan Pushkinning “Kapitan qizi” nomli kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda yoshlarni umumbashariy ruhda tarbiyalash, jamiyatda ahillik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashda adabiyot muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi. Aleksandr Pushkin asarlari Choʻlpon, Usmon Nosir, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Mirtemir singari taniqli shoir va adiblar tomonidan oʻzbek tiliga mohirona oʻgirilganligi va ular oʻzbek adabiyotining durdonasiga aylangani eʼtirof etildi.

Pushkinning asarlari oʻzbek tiliga mohirona tarjima qilinib, oʻzbek kitobxonlariga uning ijodi bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratilgani adabiyot muxlislari uchun oʻziga xos tuhfa boʻldi.

Qatnashchilar tomonidan Pushkin ijodidan namunalar oʻqildi.

Qayd etish joizki, mazkur tadbir hozirda belgilangan karantin qoidalariga toʻliq rioya qilingan holda oʻtkazildi.

1 928
N.USMONOVA, OʻzA