O‘zA O`zbek

11.07.2019 Chop etish versiyasi

Proteksionizm: Oʻzbekiston uchun kerakmi?

Proteksionizm: Oʻzbekiston uchun kerakmi?


Oxirgi paytlarda iqtisodchilar va tadbirkorlar oʻrtasida davlatimizning iqtisodiy siyosatida import cheklovlarini qoʻllash boʻyicha tortishuvlar avj olmoqda. Bu bahslar ijtimoiy tarmoqlarga ham koʻchib, turlicha populistik fikrlar ilgari surilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish muhitiga oʻz taʼsirini oʻtkazishi tabiiy, albatta.

Masala nimada?

Ishlab chiqarishni endigina yoʻlga qoʻygan tadbirkorlar import bojlarini oshirish orqali davlat tomonidan himoya choralarining qoʻllanilishini soʻramoqda. Maʼlumki, iqtisodiyot nazariyasida bu holat proteksionizm deb ataladi va bu jarayonda mamlakat yoki bir nechta mamlakatlardan iborat bloklar oʻz iqtisodiyotini himoya qilish maqsadida tashqi savdo operatsiyalariga cheklovlar (asosan import bojlari) kiritadi.

Hozirgi kunda, proteksionizmning tariflar, kvotalar, subsidiyalar, sertifikatlash, milliy mahsulotlardan foydalanish talablarini joriy qilish, maʼmuriy toʻsiqlar, antidemping va valyuta kurslarini boshqarish kabi usullari keng qoʻllaniladi.

Mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish jarayonlari sekinlashgan hollarda proteksionizm siyosatining jozibadorligi oshadi. 2009-yilning iqtisodiy krizisi oxirgi 30 yil ichida xalqaro tashqi savdoni liberallashtirish yoʻlida qilingan barcha ishlarni yoʻqqa chiqardi. Ayniqsa, iqtisodiy faollik pasayishi oqibatida davlat moliyasining kuchsizlangani holatida import bojlarini oshirish byudjet taqchilligini kamaytirishga qaratilgan oson usullardan hisoblanadi.

Tarix nima deydi?

AQSHda (1930-y.) Smoot-Hawley tariflarining joriy qilinishi tarixda qoʻllanilgan eng katta proteksionistik qadamlardan hisoblanadi. Bunda proteksionizm tarafdorlari iqtisodiyotning goʻdak” sektorlarini himoya qilish, mahalliy ish oʻrinlarini yaratish, milliy xavfsizlik bilan bogʻliq sektorlarni saqlab qolish, isteʼmolchilarni himoya qilish kabi vajlar bilan qonun loyihasini ommaga olib chiqishgan.

Shunda oʻsha davrning eng atoqli iqtisodchilarini oʻz ichiga olgan 1028 olimlar jamoasi Prezident Xerbert Xuverga ushbu tariflarning maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida petitsiya yuborishadi. Proteksionizm harakatiga qarshi tomonlar yuqori tariflar tufayli isteʼmolchilar tanlov doirasining qisqarishi va inflyatsiyaning oshishi, goʻdak” sektorlar esa baribir rivojlanmasligi, buning ustiga, boshqa mamlakatlarning qarshi proteksionistik javob harakatlari orqali savdo urushlarining kelib chiqishi kabi oqibatlarni koʻrsatgan holda bu harakatga qarshi chiqishdi.

Prezident Xerbert Xuver oʻzi ham qarshi boʻlishiga qaramay turli biznes doiralari va oʻz partiyasi tomonidan boʻlgan bosimlar ostida qonunni veto huquqini qoʻllamasdan tasdiqlaydi. Koʻp oʻtmay, Kanadada ham yuqori import bojlarini eʼlon qilgan holda savdo urushlari avj ola boshlaydi, bu esa iqtisodiy depressiyaning yanada chuqurlashishiga olib keladi.

Oʻsha davrdan boshlab jahon iqtisodiyotida tashqi savdoni liberallashtirishga yoʻnaltirilgan harakatlar avj oladi va iqtisodiyotda savdo qilish savdo qilmaslikdan afzal (trade is better than no trade) prinsipi ostida tashqi savdo konsepsiyalari shakllanadi, xalqaro savdo tashkiloti tashkil etiladi va turli shartnomalar imzolanadi. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan keyin Gʻarb mamlakatlari oʻrtasida erkin iqtisodiy savdo umumeʼtirof etilgan iqtisodiy prinsip sifatida tan olindi va savdo toʻsiqlarining minimallashishiga olib keldi.

Erkin tashqi savdo gʻoyalari 300-yil oldingi David Rikardoning solishtirma afzallik nazariyasi ustiga qurilgan boʻlib, unga koʻra, xalqaro miqyosda barcha ishlab chiqarish resurslarining erkin (cheklovlarsiz) harakatlanishi iqtisodiy samaradorlikni oʻstiradi va resurslar oʻzidan maksimal manfaat keltirgan holda aholi farovonligining oshishiga xizmat qiladi.

Agar ishlab chiqarish resurslarining mamlakatlar oʻrtasidagi erkin harakati boʻlmasa, bu gʻoyalarning amaliy natijalarini koʻrish imkonsizdir. Solishtirma afzallik prinsiplari asosida ixtisoslashuvning eng yuqori formasini kolonial davrda koʻrishimiz mumkin. U davrda barcha rivojlanayotgan mamlakatlar oʻzlarining solishtirma afzalliklaridan kelib chiqib, xom ashyo yetishtirib berishga, rivojlangan mamlakatlar esa undan sanoat yoki yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashdi.

Nima uchun davlatlar proteksionist siyosatni qoʻllaydi?

Iqtisodiy nazariya tarafidan qaraydigan boʻlsak, solishtirma afzallik ham bir optimal holat, lekin rivojlanishga intiluvchi davlatlar har doim oʻzida yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqaruvchi sektorlarni qoʻllab-quvvatlash yoki strukturaviy oʻzgarishlarni amalga oshirish orqali aholi farovonligini oshirishga harakat qiladi. Bu jarayonni amalga oshirishda davlat ayrim proteksionistik yoʻllardan foydalanishga majbur.

Erkin savdoning real daromadlar oʻsishiga olib kelishi inkor qilib boʻlmaydigan fakt boʻlgani kabi mahalliy oʻzini-oʻzi taʼminlash darajasini saqlab qolishdan ham mamlakat farovonligi uchun real foyda mavjud.

Shu oʻrinda iqtisodchilar tomonidan koʻp qoʻllaniladigan Keyns soʻzlarini keltirish maqsadga muvofiqdir: “Men xalqlar oʻrtasida iqtisodiy toʻsiqlarni eng yuqori darajaga koʻtaradiganlarga emas, balki eng kam darajaga tushiradigan insonlarga xayrixohlik bildiraman. Fikrlar, bilimlar, sanʼat, mehmondoʻstlik, sayohatlar - bu tabiatan xalqaro boʻlishi kerak boʻlgan narsalardir. Biroq tovarlar ishlab chiqarish mantiqan asoslangan darajada mahalliy boʻlishi lozim. Va eng muhimi, moliyalash birinchi navbatda mahalliy boʻlishi lozim.”

XX asrda iqtisodiy rivojlanish nazariyasida proteksionizmning boshqa usullari, yaʼni import oʻrnini bosuvchi sanoatlashtirish (import subsitution and industrialization) usullari qoʻllanila boshladi. Ushbu usul XX asr oʻrtalarida ommalashgan boʻlsada, aslida bu XIX asrning boshlarida nemis iqtisodchisi Fridrix List tomonidan oʻrtaga tashlangan gʻoya edi. Uning fikriga koʻra, import bojlari bu mamlakatning kelajakdagi samaradorligini oshirishga boʻlgan investitsiyadir.

Amerika asoschilaridan boʻlgan Aleksandr Xamilton esa turli import bojlarini qoʻllash orqali AQSHning ilk rivojlanish davrida yirik davlat xarajatlarini muvaffaqiyatli moliyalashtirgan. Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki 80-90 yillarda rivojlanayotgan mamlakatlarga strukturaviy moslashish (Structural adjustment programs (SAPs) qarzlarini berishda import oʻrnini bosuvchi sanoatlashtirish dasturlarining tugatilishini talab qiladi va koʻpgina rivojlanayotgan mamlakatlardagi ushbu rivojlanish dasturlari muddatidan oldin toʻxtatiladi.

Import oʻrnini bosuvchi sanoatlashtirish ham oʻz davrida mamlakat iqtisodiyotini strukturaviy oʻzgartirishga yoʻnaltirilgan jozibador yoʻnalishlardan biri edi. Bu siyosatni ilmiy jihatdan tahlil etgan tadqiqotlarga misol sifatida 1991-yildagi Jahon banki katta iqtisodchisi Dipak Mazdumarning “Import oʻrnini bosuvchi sanoatlashtirish va kichik miqyosli proteksionizm: Hindiston toʻqimachilik sanoati tajribasi” maqolasini keltirish mumkin. Unga koʻra, Hindistonda ham rivojlanishning ilk davrlarida sanoatni rivojlantirish siyosati tashqi savdo siyosati bilan chambarchas bogʻliqlikda olib borilgan boʻlib, davlat tomonidan ayniqsa toʻqimachilik sanoati qattiq himoya qilingan.

1950-60 yillarda Koreyadagi toʻqimachilik sanoatini himoya qilishga qaratilgan yuqori proteksionistik choralar ushbu mamlakatning eksport potensialini rivojlantirishdagi muhim qadamlar boʻlib hisoblanadi. 60-yillarning oʻrtalarida Koreya davlati tomonidan faqatgina eksport qiluvchilarga erkin import qilish imkoniyatlari ochib berildi. Valyuta kurslarini davlat tomonidan inflyatsiya darajasiga nisbatan qadrsizlantirib borish siyosati esa eksport qiluvchilarga narxlar oʻsishidan keladigan zararlarni kompensatsiya qilib, ularning imkoniyatlarini kengaytirdi.

Xulosa qilib aytganda, erkin savdo iqtisodchilar tomonidan eng koʻp qoʻllab-quvvatlanadigan yondashuv boʻlishiga qaramay, davlatlarning barchasiga birdek mos keladigan tashqi savdo siyosati mavjud emas. Jahon savdo tashkiloti tashkil boʻlganidan soʻng tarif va kvotalar orqali tashqi savdo operatsiyalarini nazorat qilish imkoniyatlari cheklangan boʻlsa-da, ularning oʻrniga murakkab himoya usullari ishlab chiqildi.

Masalan, standartlashtirish, sertifikatlash, antidemping va antisubsidiyalash kabi ichki bozorni himoyalashning yangi usullari qoʻllanila boshlandi. Shu sababli taraqqiy etayotgan davlatlarning iqtisodiy siyosatlari betakror, umumqabul qilingan nazariy qarashlarga mos kelmasligi va baʼzi hollarda xatto qarama-qarshi ham boʻlishi mumkin.

Qaysi yoʻlni tanlash lozim?

Proteksionistik siyosat amalga oshirilayotganda “yutuvchi taraflarning foydasi yutqazuvchi taraflarning zararidan koʻp va shu bilan jamiyat uchun nafli”, degan qarash bilan proteksionistik siyosatni oqlab boʻlmaydi.

Birinchi navbatda davlat tomonidan yutuvchilar foydasi hisobiga yutqazuvchilar zararini qoplash mexanizmlarining joriy etilishi orqali proteksionistik siyosatning amalga oshirilishini asoslash mumkin boʻladi.

Proteksionizm iqtisodiy rivojlanish bosqichida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan turli iqtisodiy usullardan biri sifatida yashash xuquqiga ega va uning samarali boʻlishi uchun quyidagi sharoitlar boʻlishi shart:

1. Himoyaga olinayotgan sektorlarning texnologik jihatdan rivojlanishi uchun shart-sharoitlar mavjudligi. Masalan, Xitoydan televizor ishlab chiqarishni Oʻzbekistonga koʻchirib kelganimiz bilan texnologik jihatdan rivojlanish boʻlmas ekan, biz Xitoydan arzon televizor ishlab chiqara olmaymiz va ular bilan raqobat qila olmaymiz. Himoya qilinayotgan sektorlarni rivojlantirish uchun mutaxassislar va ilmiy salohiyatni kuchaytirish lozim.

2. Ushbu sektorlarning uzoq muddatli strategik rivojlanish vainvestitsiya dasturlarining mavjudligi. Ushbu dasturlar raqobatbardoshlikni bosqichma-bosqich oshirish chora-tadbirlarini oʻzida mujassamlashtirishi lozim.

3. Himoya usullarini bosqichma-bosqich kamaytirib borish orqali ishlab chiqaruvchilarni erkin raqobatga tayyorlab borish yondashuvining mavjudligi. Afsuski, jahon tajribasida himoya qilishning optimal davrini aniqlash boʻyicha yaxshi tajribalarni topish mushkul.

Masalan, Malayziya mamlakatida 1985-yilda tashkil qilingan avtomobil sanoati yuqori tariflar hisobiga himoya qilingan boʻlsa-da, hozirgacha ham oʻz raqobatbardosh mahsulotini ishlab chiqara olmadi.

Daniel Borer (2018) tadqiqotida ichki avtomobil sanoatini himoyalash evaziga yoʻqotilgan farovonlikning yuqori ekanligi tufayli ushbu sanoatni saqlab qolish oʻzini oqlamasligi toʻgʻrisida xulosa qilingan va raqobatbardoshlikni oshirish uchun import cheklovlarini pasaytirish tavsiyalari berilgan.

Xulosa oʻrnida

Xulosa yakunida shuni aytish joizki, ushbu bahsli savollarga javob topishda eng muhim ahamiyat kasb etuvchi omil – bu mazkur sohadagi chuqur ilmiy tadqiqotlarning amalga oshirilishidir.

Ilmiy izlanishlar va zamonaviy metodologiyalar orqali olingan murakkab hisob-kitoblar asosidagina mamlakatimiz farovonligini oshirish uchun optimal iqtisodiy siyosat yoʻli tanlanishi lozim.

Har qanday populistik, ijtimoiy tarmoqlarda shakllanayotgan oqimlar va harakatlar bosimining iqtisodiy siyosatga boʻlgan taʼsirini minimallashtirish ham barqaror rivojlanishning muhim omilidir.

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot 

instituti xodimi X. Obidov


5 153
OʻzA