O‘zA O`zbek

02.08.2018 19:47 Chop etish versiyasi

Advokatlar faoliyatining huquqiy asoslari: muammo va yechimlar

Advokatlar faoliyatining huquqiy asoslari: muammo va yechimlar O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan “Advokatlar faoliyatining huquqiy asoslari: muammo va yechimlar” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Bugun advokatura sohasini huquqiy jihatdan yanada takomillashtirish dolzarb vazifa sanaladi. Prezidentning 2018 yil 12 maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu sohadagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Ushbu farmon bilan tasdiqlangan “Advokatura institutini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq amaldagi qonunchilikka bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Davra suhbatida ushbu yo‘nalishda ishlab chiqilgan “Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Qonun loyihasining asosiy maqsadi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlashda advokaturaning roli va ahamiyatini oshirish, professional huquqiy yordam sifatini hamda advokatlik kasbi nufuzini oshirish, shuningdek, sud ishini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “Advokatura to‘g‘risida”gi va “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, qonun loyihasida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovka o‘tash muddatini olti oydan uch oygacha qisqartirish, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari va sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil faoliyat yuritgan shaxslarni majburiy stajirovka o‘tashdan ozod qilish, advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihonini takroran topshirish muddatini bir yildan olti oygacha qisqartirish, har bir tanlangan ixtisoslik bo‘yicha alohida litsenziya asosida yuridik yordam ko‘rsatishga doir normalar belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida nazarda tutilayotgan advokat so‘rovini ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari, advokatga nisbatan intizomiy choralar qo‘llash muddatlarini aniq belgilash, litsenziyaning amal qilishini Oliy malaka komissiyasi xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining murojaati bo‘yicha faqat sud tartibida tugatish hamda advokatlarga nisbatan intizomiy ishni faqat tegishli malaka komissiyasi yoki Oliy malaka komissiyasi qarori bilan qo‘zg‘atishga doir normalar advokatlar huquqlarining to‘liq ro‘yobga chiqarilishiga to‘siq bo‘layotgan byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.

Partiya va Advokatlar palatasi o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, sohada uchrayotgan huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi orqali sohaga doir qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar olish tizimli yo‘lga qo‘yilgani aytib o‘tildi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 872