Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 16:40 Chop etish versiyasi

Profilaktika kuni samaralari

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida 2016-yilning dastlabki uch oyida turli darajadagi 39 jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 13 tagacha kamaytirishga erishildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda har payshanba – Profilaktika kuni sifatida belgilangani va shu asosda tegishli tadbirlar amalga oshirilayotgani joylarda turli huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga xizmat qilmoqda.

Boyovut tumanida o‘tkazilgan shunday tadbirda tuman hokimligi, ichki ishlar, sud, prokuratura xodimlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tumandagi 4 kasb-hunar kolleji, 29 umumta’lim maktabi hamda 23 mahalla fuqarolar yig‘inida fuqarolarning huquq va majburiyatlarini ta’minlash, hududda tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlarida o‘tkazilgan “Davomat” tadbirlarida darsga kelmagan o‘quvchilarning ota-onalariga mamlakatimizda 12-yillik uzluksiz ta’lim majburiy ekani tushuntirildi. Bunday holat takrorlanmasligi uchun ularga ogohlantirish berildi. Voyaga yetmagan farzandlarining ta’lim olishiga to‘sqinlik qilayotgan va muntazam ta’lim muassasalariga farzandlarini yubormayotgan 8 ota-ona bilan profilaktik ishlar olib borilib, bolalarning darsga qatnashishini ta’minlash choralari ko‘rildi. Ishlash uchun viloyatdan chiqib ketgan 2 o‘quvchi dars mashg‘ulotlariga qaytarildi.

Mahalla – ta’lim muassasasi – profilaktika inspektori hamkorligi mustahkam yo‘lga qo‘yilgan joyda jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari qayd etilmayotganini ham alohida ta’kidlash joiz. Jumladan, tumandagi “Uchturgon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joriy yilning o‘tgan davrida birorta ham jinoyat sodir etilmagan.

– Uchturgon mahallasida istiqomat qilayotgan 2 ming 800 aholining 40 foizdan ortig‘i yoshlardir, – deydi tuman IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi profilaktika inspektori, mayor Sh.Eliboyev. – Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishi hamda internetdan foydalanishda turli yot g‘oya va illatlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish zarurligi misollar yordamida ota-onalarga atroflicha tushuntirilmoqda.

"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tumandagi 1 ming 423 xonadonning turmush sharoiti o‘rganildi. Ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi. Tuman ichki ishlar bo‘limida ilgari sudlangan shaxs sifatida profilaktik hisobda turgan 67, oilasida muntazam muammolar bo‘lgan 23 kishi bilan yakka tartibda tarbiyaviy profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Muloqotlarda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
1 391






Все о погоде - Pogoda.uz