Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2017 19:59 Chop etish versiyasi

Profilaktika kuni: natijalar qanday bo‘lmoqda?

Uch farzandning ota-onasi bo‘lgan Akbar va Azizaning oilasi havas qilgulik edi. Lekin hayot bir tekis bo‘lmaganidek, kunlarning birida ularning orasida kelishmovchilik kelib chiqdi. Mast holatda qo‘l ko‘targan turmush o‘rtog‘i keyin tavba-tazarru qilsa-da, Aziza kechirishni istamadi. Ish sudgacha bordi...

Uch farzandning taqdiriga qayg‘urgan mahalla faollari ushbu oilaviy mojaroni profilaktika kunida ochiq sayyor sud majlisida muhokama qilishni zarur, deb topdi. Ochiq sud majlisiga taklifnoma olgan er ham, xotin ham o‘ylanib qoldi. Butun mahallani to‘plab, ularning masalasi ko‘rib chiqilishi oilaning keyingi hayotiga, farzandlariga qanday ta’sir o‘tkazishi mumkinligini o‘ylab, ular sergak tortdi. Mirobod tumani "Sarikul" mahalla fuqarolar yig‘iniga er-xotin birga kelib, bunday qilmaslikni so‘radi. Ularning o‘z xatolarini anglab yetgani va iltimoslari inobatga olinib, sayyor sud ularning xonadonida, begonalarsiz o‘tkazildi. Er-xotin o‘zaro yarashganligi munosabati bilan ish ijobiy yakuniga yetdi.

Ha, o‘tgan profilaktika kunida shu tariqa bir oila barbod bo‘lishining oldi olindi. Boshlari xam bo‘lgan uch qorako‘zning nigohlariga yana tabassum indi!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan payshanba kuni "Profilaktika kuni" sifatida belgilanganidan ko‘zlangan maqsad ham shunday. Ya’ni profilaktik ta’sir o‘tkazish orqali oilalarni saqlab qolish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishdir.

Navbatdagi profilaktika kuni poytaxtimizning Mirobod tumanida uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Tuman ichki ishlar boshqarmasi, sud, prokuratura mas’ul xodimlari keng jamoatchilikni jalb qilgan holda o‘quv muassasalari, mahallalarda fuqarolarning huquq va burchlari bilan bog‘liq mavzularda targ‘ibot ishlari olib borilishi bilan birga, ko‘plab amaliy chora-tadbirlar ham ko‘rildi.

Mirobod tumani prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari bilan Toshkent politexnika kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan "Davomat" tadbirida qatnashdik. 1-kursning 18-16-guruhida to‘rt o‘quvchi darsda yo‘q ekan. Matematika o‘qituvchisi Qunduz To‘xliyeva ularning doimiy "progulchi" ekanini aytdi. Kollej ma’muriyati bunday o‘quvchilarni yo‘lga solish uchun ularning ota-onalari, mahalla fuqarolar yig‘ini bilan ish olib borishiga qaramay, natija bo‘lmayapti. 1-kurs o‘quvchilaridan biri Gurban Kulliyevning to‘rt yildan beri bir kursdan nariga o‘tolmayotganini qanday izohlash mumkin? Buni uning guruh rahbaridan so‘raganimizda, bu o‘quvchining ortidan chopib juda charchaganini aytdi. G.Kulliyevning bugun kollejga "tasodifan" kelib qolganidan foydalanib, uni ko‘rishga qiziqdik. Lekin u kollej binosi eshiklaridan o‘quvchilarning chiqib ketishiga imkon bo‘lmasa ham devor osha juftakni rostlagan ekan. Bu uning oilasidagi nosog‘lom muhit, ota-onasining farzand oldidagi mas’uliyatni his etmasligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Mirobod sanoat kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan shunday tadbirda avval darslarga muntazam kelmayotgan Aziz Vosiqovni ko‘rib hamrohlarim quvonib ketdi. Chunki uning oilasiga, mahallasiga borib o‘tkazilgan profilaktik chora-tadbirlar o‘z samarasini ko‘rsatgandi. Qoramol boqishni yo‘lga qo‘ygan Azizning ota-onasi farzandining darsga borishidan ko‘ra, mol-holga qarashini foyda, deb bilgan. Muammo nimadaligi aniqlangach, kollej ma’muriyati A.Vosiqovga tufli olib berdi. Tabiiyki, bu hol Azizning ota-onasiga ta’sir qilmasdan qolmadi. Farzand ularniki-yu, uning kelajagi uchun shuncha idora, shuncha odam qayg‘urayotgani ularning nihoyat ko‘zlarini ochdi.

Profilaktika tadbirlaridan yana biri Baynalminal mahallasida bo‘lib o‘tdi. Ochiq sayyor sud majlisida ayrim oilaviy mojarolar ko‘rib chiqildi. Toshkent shahar prokuraturasi, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi vakillari va mahalla ahli ishtirokida ikki farzandning ota-onasi bo‘lgan Yekaterina va Dimitriy Parchenkolar masalasi ko‘rib chiqildi. Sudya bu ikki fuqaroning o‘rtaga chiqishini so‘raganidayoq, ularning bundan noqulay ahvolga tushgani ko‘rinib turardi. Axir mahalla-ko‘yning oldida bo‘yin egib turish, ularning nigohlariga bardosh berish har qanday kishi uchun or-nomus sanaladi. Bir zumda adovat unutilib, ular bir-birini kechirish taraddudiga tushib qoldi. Ish yarashuv bilan yakuniga yetdi.

– Har bir mahallaga aloqadar masala o‘sha mahallada ko‘rib chiqilishi kerak, – deydi "Mirobod" mahalla fuqarolar yig‘inining diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Klara Yo‘ldosheva. – Ana shunda profilaktik tadbirdan kutilgan natijaga erishish mumkin. Chunki Prezidentimiz har bir ishimizdan faqat ijobiy natija kutmoqda.

Profilaktika kunida poytaxtimiz tumanlarining har birida mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar muhokamasi, sayyor sud majlislari, targ‘ibot-tashviqot, "Davomat", yo‘l harakati, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi, pasport-viza tadbirlari bilan birga aholi o‘rtasida giyohvandlik, ichkilikbozlik va boshqa illatlarga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
3 136






Все о погоде - Pogoda.uz