Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.11.2017 17:39 Chop etish versiyasi

Profilaktika inspektorlariga xizmat uyi va avtomashinalar kaliti topshirildi

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida viloyat ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining o‘zlari xizmat qilayotgan hududda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalash uchun tantanali qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.

Vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari aholining tinch-osoyishta hayotini ta’minlash, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida sidqidildan xizmat qilib kelayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, viloyatdagi 160 nafar profilaktika inspektoriga xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan avtomashina kaliti topshirildi. Ular orasida Angren shahar ichki ishlar bo‘limi katta inspektori, mayor Umid Turg‘unboyev ham bor.

– Xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdek sharafli vazifada xizmat qilayotganimdan faxrlanaman, – deydi U.Turg‘unboyev. – O‘zim faoliyat yuritayotgan Bo‘ston mahallasi hududidan barcha qulayliklarga ega xizmat uyi hamda imtiyozli kredit asosidagi mashina berilgani ishimiz samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Hududimizdagi 3 mingdan ziyod aholi tinchligini saqlashda mahalla faollari bilan doimiy hamkorlik qilib, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga harakat qilmoqdamiz.

Tadbir doirasida Olmaliq shahar Hamid Olimjon nomidagi mahallada yangi qurilgan 6-ichki ishlar bo‘linmasi binosining ochilish marosimi ham o‘tkazildi.

Ta’kidlash kerakki, Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan profilaktika inspektorlari o‘z hududida aholi xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda jamoat tashkilotlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 203






Все о погоде - Pogoda.uz