Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 18:51 Chop etish versiyasi

Profilaktika inspektorlariga vaqtincha ishsiz bo‘lganlar bilan tushuntirish ishlari olib borilishini tizimli yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi

Toshkent viloyati ichki ishlar organlari tomonidan korxona va tashkilotlar, mahallalar, ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan uchrashuv va huquqiy targ‘ibot tadbirlari hududda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar osoyishtaligi va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Toshkent tumani hokimligi hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda “Qashqarlik” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilganda zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar berish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda fuqarolar noqonuniy ravishda chet elga chiqib ketishining oldini olish, jamoat tartibini saqlash maqsadida mahalla ko‘chalari, mavjud savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlariga kuzatuv kameralari o‘rnatish masalasi tuman IIB vakillari va faollar ishtirokida muhokama qilindi.

Hududda xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlariga mahallalarda vaqtincha ishsiz bo‘lgan fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borilishini tizimli yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.

Ohangaron shahri va Oqqo‘rg‘on tumanida “Umumta’lim maktablarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish omillari” mavzusida tashkil etilgan tadbirlarda ham voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan qilinishi zarur bo‘lgan ishlar bo‘yicha fikr almashildi.

Tadbirda ta’lim muassasalarida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati samaradorligini oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash borasida zarur vazifalar bergilab olindi.

Ayni paytda viloyatda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan muntazam ravishda “Tozalash-Antiterror”, “Pasport-viza” va boshqa bir qator muhim tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
6 800