O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 19:24 Chop etish versiyasi

Profilaktika inspektorlari muhokama markazida

Profilaktika inspektorlari muhokama markazida Toshkent viloyati Angren shahrida profilaktika inspektorlarining xizmat va ijro intizomiga rioya etish holati, ular tomonidan xizmat davrida yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Muloqotda profilaktika inspektorlari va ularning yaqin qarindoshlari ishtirokida inspektorlar faoliyati tanqidiy tahlil etilib, ular tomonidan mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, xizmat va ijro intizomiga rioya etish boʻyicha yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar muhokama etildi.

– Profilaktika inspektori nafaqat oʻz hududida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishi, balki huquqiy jihatdan shu hududda boshqalarga ibrat boʻlib, toʻgʻri yoʻl koʻrsata olishi lozim, – deydi Angren shahar ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari M.Gʻafforov. – Afsuski, ayrim profilaktika inspektorlarimiz faoliyatida oʻz xizmat vazifalari bilan bogʻliq xato va kamchiliklar kuzatilib turibdi.

Muhokama yigʻilishida barqaror tinchligimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati haqida fikr yuritilib, bu borada belgilab berilgan vazifalar har bir profilaktika inspektorining kundalik qoidasiga aylanishi lozimligi taʼkidlandi.

Viloyatning Nurafshon shahri va Oʻrta Chirchiq tumanida ham xuddi shunday muhokama yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA