O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Professorlar Latviyada mahorat darslari o‘tdi

Professorlar Latviyada mahorat darslari o‘tdi

Latviyaning tabiiy fanlar va texnologiyalar universitetida tashkil etilgan bir haftalik o‘quv seminarga O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti, uning Nukus va Andijon filiallari mutaxassislari ishtirok etib keldi.

AQShning USAID xalqaro tashkilotining AVC (qishloq xo‘jaligida qiymat zanjiri) loyihasi hamkorligida bog‘dorchilik, qishloq xo‘jalik mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash, bioiqtisodiyot masalalariga bag‘ishlangan tadbirda Toshkent davlat agrar universiteti bilan Latviyaning tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti, Latviya bog‘dorchilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida tajribalar almashinishga qaratilgan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari doirasida nomzodlarni Latviyaning tabiiy fanlar va texnologiyalar universitetida malakasini oshirishni tashkil etish borasida kelishuvga erishildi.

Yurtimizdan borgan agrar tarmoq vakillari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tajribalari asosida Latviyaning tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalariga mahorat darslari o‘tdi. Shu jarayonda universitetlar o‘rtasida 2019/2020 o‘quv yiliga mo‘ljallangan vebinar dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejasi tasdiqlandi.

975
O‘zA