O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Probatsiya xizmati: qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga xizmat qilmoqda

Probatsiya xizmati: qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga xizmat qilmoqda

Qaror va ijro 

Prezidentimizning 2018 yil 7 noyabrdagi “Jinoyat ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida Probatsiya xizmati tashkil etildi.

2019 yil 1 yanvardan faoliyatini boshlagan mazkur xizmat mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga xizmat qilmoqda.

Probatsiya “sinov” degan ma’noni anglatadi. Mazkur xizmat sud hukmi yoki ajrimi bilan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar tomonidan jazo ijro etilishini ta’minlaydi. Ya’ni, axloq tuzatish, majburiy jamoat ishlari, ozodlikni cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish jazolari tayinlangan va shartli hukm qilingan shaxslar tomonidan ularning bajarilishini nazorat qiladi.

Jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning hulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi. Mazkur shaxslarning ijtimoiy moslashuviga, o‘qish va ishga joylashishiga hamda ularga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatilishiga ko‘maklashadi. Shuningdek, nazoratdagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘radi.

Probatsiya xizmati qisqa vaqt ichida shaxsni tarbiyalash, jinoyat ko‘chasiga adashib kirib qolgan ayrim kishilarni sog‘lom jamiyatga qaytarishga ko‘maklashish uchun tarbiya o‘chog‘i, alohida maktab darajasiga yeta oldi, deya ta’kidlasak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Probatsiya bo‘linmalari tomonidan 60 ming 404 nafar shaxs nazorat ostiga olingan bo‘lsa, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikdagi profilaktik ishlovlar natijasida ularning 38 ming 685 nafari hisobdan chiqarildi. Yaxshi xulq-atvorda bo‘lgan va jazoni o‘tash tartib-qoidalariga to‘liq rioya qilgan, o‘zining qonunlarga itoatkorligi va mehnatga bo‘lgan ijobiy munosabati bilan qat’iy tuzalish yo‘liga kirganligi sababli qariyb 19 ming nafar shaxs belgilangan jazolardan muddatidan ilgari ozod etildi va ularga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Albatta, bu ishlarni amalga oshirishda boshqa hamkor tashkilotlar, shu jumladan, Yoshlar ittifoqi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa mutasaddi idoralar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda.

Huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda nazorat ostidagi 31 mingga yaqin shaxsga ishga joylashish, 3,3 mingdan ziyodga sog‘lig‘ini tiklash, 6 mingdan ortig‘iga shartnomalar tuzish, ayrimlarini uy-joy bilan ta’minlash, o‘qishga kirish va boshqa masalalarda ko‘maklashildi.

Probatsiya bo‘linmalari tomonidan 794 marotaba “Ishga marhamat” yarmarkasi tashkil etildi. Natijada nazorat ostidagi 6 mingdan ziyod shaxslar ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 7 mingdan ziyodiga ishga yo‘llanma berildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, probatsiya guruhlari tomonidan ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi, boshqa mutasaddi idoralar bilan o‘zaro hamkorlik tizimli tashkil qilinganligi sababli 136 shahar va tumanda nazoratdagilar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslar bilan olib borilgan hamkorlikdagi aniq maqsadli chora-tadbirlar natijasida hisobga olingan nazoratdagi shaxslarning 87,5 foizi, ya’ni 52 890 nafari tuzalish yo‘liga o‘tishiga erishildi.

Biroq, “guruch kurmaksiz bo‘lmagani” kabi, shunday toifa shaxslar borki, ular ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning qadriga yetmay, og‘irning ustidan, yengilning ostidan yurishga odatlangani uchun qayta jinoyatga qo‘l urmoqda.

Urganch tumani Bog‘dorchi mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan O.X. muqaddam sodir etgan o‘g‘rilik jinoyati uchun 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan bo‘lsa-da, probatsiya guruhi hisobida bo‘la turib, tayinlangan jazodan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi. U tekin boylik orttirish ilinjida yana qayta o‘g‘rilik jinoyatiga qo‘l urgan.

O.X. qo‘shnisi M.Xudoyberganovaning xonadoniga kirib, uy bekasining 7 million so‘m naqd puli, 100 AQSh dollari hamda 500 Rossiya rublini qo‘lga kiritgan. Ammo O.X.ning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmay, shu kunning o‘zidayoq qing‘ir qilmishlari fosh etildi.

Probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning 3,5 mingga yaqinini ayollar tashkil etadi. Avvalambor, probatsiya nazoratiga tushib qolgan ayollarning turmush tarzi, oilaviy ahvoli va ijtimoiy muammolarini o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, har bir ayol bilan yakka tartibda suhbatlar olib borilmoqda.

Nazorat ostidagi ayollarning bandligini ta’minlash maqsadida Bandlikka ko‘maklashish markazlari bilan hamkorlikda hududlarda “Ishga marhamat” tadbirlari tashkil etilib, ularni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning ifodasi sifatida Probatsiya bo‘linmalari nazoratida turgan 11 mingdan ortiq yoshlar bilan ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlari, “Yoshlar ittifoqi”, Bandlikka ko‘maklashish markazlari, Xotin-qizlar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoatchilik tuzilmalari bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlar amalga oshirmoqda.

Nazorat ostidagi yoshlar o‘rtasida samarali profilaktik tadbirlar olib borilayotganligi sababli ular orasida muayyan kasbga ega bo‘lish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish va o‘qish istagini bildirayotganlar soni ortib borayotir.

Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining yanada samarali xizmat olib borishlarini ta’minlash uchun inspektorlarimizni “Skuter”lar bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, ilg‘or xalqaro tajriba o‘rganilib, kelgusida xizmat samaradorligini oshirish maqsadida nazorat ostidagilarga elektron kuzatuv moslamalari, ya’ni “elektron bilakuzuk”lar joriy etish bo‘yicha takliflar ilgari surilmoqda.

Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining sa’y-harakatlari tufayli nazorat ostidagi birgina shaxs tuzalish yo‘liga o‘tsa, bir necha jinoyatlarning oldi olinadi. Ishga joylashib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishga intilsa, u yashayotgan oilaning turmush farovonligi ta’minlanadi. Shunday ekan, jamiyatimizda shaxsni tarbiyalash orqali sog‘lom muhit yaratish vazifasi nainki ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalarining, balki keng jamoatchilikning burchi ekanini unutmasligimiz lozim.

Mahamadali ISMOILOV,
IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi
huzuridagi Probatsiya xizmati boshlig‘i.

286
O‘zA