Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 15:37 Chop etish versiyasi

Prezidentimizning Murojaatnomasidan kelib chiqib, faoliyatimizni qaytadan tahliliy ko‘rib chiqmoqdamiz

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, ushbu dasturiy hujjatda belgilangan ustuvor vazifalarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilishda professor-o‘qituvchilar, ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilari guruhi a’zolari, mahalla faollari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari qatnashdi.

Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarida kadrlarning ilmiy salohiyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalariga pedagoglarni malaka oshirishga yuborish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yangi tashkil etilgan institut va filiallar hisobidan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 81 taga, hududlardagi filiallar 15 taga, xorijiy universitetlar filiallari 7 taga yetdi. Oliy ta’lim muassasalarida iqtisodiyotning real sektoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, sirtqi va kechki bo‘limlar ochildi.

Shu bilan birga yosh olimlar uchun maxsus stipendiyalar ta’sis etilib, ularning tadqiqotlarini davlat grantlari ajratish orqali moliyalashtirish amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati qayta tiklandi.

– Bugungi tezkor, globallashuv davrda o‘z yo‘lidan og‘ishmaydigan Vatanga sadoqatli, vatanparvar navqiron avlodni voyaga yetkazish, dunyo yoshlari bilan dadil bellasha oladigan yuksak sallohiyatli kadrlar tayyorlash biz pedagoglar oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi, – deydi universitet prorektori vazifasini bajaruvchi Qodirjon Abdurahimov. – Davlatimiz rahbari Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini, ahamiyatini pedagoglar bilan chuqur o‘rgandik. Faoliyatimizni ushbu hujjatdan kelib chiqib, qaytadan tahliliy ko‘rib chiqmoqdamiz.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
6 930