O‘zA O`zbek

11.08.2018 15:41 Chop etish versiyasi

Prezidentimiz bugungi adabiy jarayonlarda Abdulla Oripov hamda Erkin Vohidovning o‘rni bilinayotganini aytdi

Prezidentimiz bugungi adabiy jarayonlarda Abdulla Oripov hamda Erkin Vohidovning o‘rni bilinayotganini aytdi
Bir yonda azim Bo‘zsuv salmoqlanib oqib turibdi, bir yonda qirrador oppoq marvariddek yap-yangi bino qad rostlab, yuraklarga cho‘g‘ solib boqib turibdi. O‘rtadagi salqin maydonda – asriy chinorlar soyasida Prezident va bir guruh ijodkorlar dildan suhbat qilishmoqda.

Davlatimiz rahbari 10 avgust kuni poytaxtda qurilayotgan bir qator inshootlar, ko‘priklar, bog‘chayu shifoxonalar, jumladan Yozuvchilar uyushmasi a’zolariga atab barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylar bilan tanishar ekan, shu bahona ijod ahli bilan ham suhbatlashdi.

Davraga fayz berib turgan akademik Naim Karimov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ibrohim G‘afurov bilan alohida mehr, yuksak e’tibor va ehtirom bilan ko‘rishar ekan, “Yana bir karra qaytarib aytaman: ustozlarimiz yonimizda bo‘lsa, xatolarimiz kamroq bo‘ladi. Olib borayotgan ishlarimizda unum va baraka bo‘ladi. Bu singari insonlarning borligi, safimizda turgani adabiyotimiz uchun ham, millatimiz ma’naviyati uchun ham bebaho hodisadir”, deya ta’kidladi davlat rahbari. Muloqot davomida bugun yurtimizda olib borilayotgan har bir islohot, avvalo, xalqimiz, uning farovon turmush tarzi uchun, eng muhimi, millat ma’naviyatini yanada yuksaltirish uchun ekanini alohida qayd etib, bu borada qilingan va endi qilinajak ishlar yuzasidan samimiy fikrlar bildirib o‘tdi.

a0f20e34-ae23-2182-1541-17e7f663e04c.jpg

Bugungi kunda mamlakatimizda yangi bosqichga ko‘tarilgan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy islohotlar, xalqaro va mintaqaviy miqyosdagi masalalar, eng avvalo, qalbi uyg‘oq ijodkorlar nazarida bo‘lishi lozimligiga yana bir qarra e’tibor qaratildi. Suhbat ishtirokchilari, ularning timsolida barcha qalam ahliga qarata: “Sizlar millat qonida oqayotgan har bir hujayrani ko‘ra oladigan, xalq va Vatan taqdiriga eng xolis tashxis qo‘yadigan iqtidor sohibisizlar. Bizning vazifamiz sizdek iste’dod egalariga shart-sharoit, imkoniyat yaratish, sizning zimmangizdagi ulug‘ mas’uliyat esa tariximizdan bugunimizgacha, kelajagimizgacha o‘tkir va odil qalam bilan adabiyotga muhrlashdir, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni adabiyot orqali tarbiyalashdir”, deya yuksak ishonch bildirdi Prezident.

Samimiy ruh va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan suhbat chog‘ida bir narsaga alohida e’tibor berdim: garchi mamlakat rahbari zimmasida beqiyos tashvish – avvalo, yurt va xalq taqdiri, iqtisodiy-ijtimoiy muammolar, xalqaro muzokaralar, yoshlar va ularning kelajagi kabi adoqsiz mas’uliyat turgan bo‘lsa ham, bir daqiqa bo‘lsin ma’naviyat va adabiyot sohasini unutmay, hamisha eng muhim masala sifatida qadrlab kelayotgani barchamizni yana bir karra quvontirdi.

Prezident kuni kecha bo‘lib o‘tgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya tafsilotlarini esga olib, “Bu zamonaviy adabiyotimiz uchun muhim bosqich bo‘ldi, televideniye orqali kuzatdim, qardosh xalqlar ijodkorlari fikrini tingladim. Biroq ko‘nglimning tub-tubida Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning o‘rni bilinayotganini his qildim”, dedi.

Mana ikki yildirki, mamlakatimizda kitob chop etish, kitobxonlik va mutolaa madaniyatni rivojlantirish borasida izchil harakatlar bo‘lmoqda, bir qator muhim hujjatlar imzolandi, tanlovlar joriy qilindi. Biroq Prezident kuyunib ta’kidlaganidek, bu sohadagi ishlar hali ko‘ngildagidek emas. Ma’naviy yaroqsiz va bo‘sh asarlar mas’uliyatsizlik bilan nashr qilinayotgani, “kitob” degan muqaddas tushunchaning qadri tushib ketgani, so‘z qadri-qimmatiga yetarlicha e’tibor berilmayotgani tanqid ostiga olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu galgi suhbat muhtasham adabiyotimiz maqomini munosib saqlash, uni yangi-yangi asarlar bilan boyitish, millat va Vatan rivojiga xizmat qiluvchi iste’dod sohiblarini kashf qilish, ularga yetarlicha shart-sharoit yaratish masalalariga bag‘ishlandi.

Prezidentimiz biz bilan samimiy xayrlashar ekan, “Men hamisha ustozlardan madad, yoshlardan kuch-g‘ayrat olaman. Sizlar esa kuch-g‘ayrat va ilhomni xalqimizdan olinglar. Mana shu xalq taqdiri – barchamizning bugungi, ertangi taqdirimizdir”, deya har birimizga katta ishonch bildirdi.

Nosirjon Jo‘rayev,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
“Shuhrat” medali sohibi

O‘zA
2 863