O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

Prezident Xalq qabulxonasi: pirovard maqsad – yoshlar bandligi

Prezident Xalq qabulxonasi: pirovard maqsad – yoshlar bandligi

Har qanday jamiyat uchun pandemiyaning oʻzidan ham koʻra oqibatlari xavfliroqdir. Bu, avvalo, ishsiz qatlam muammolarini hal qilish bilan bogʻliq. 

Shu bois Andijon viloyatida ham Prezident Xalq qabulxonalari, sektorlar rahbarlari va Yoshlar agentligi hamkorligida, birinchi navbatda, yoshlarni doimiy ish bilan taʼminlashga asosiy eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yil avvalida viloyatda 43 ming 221 nafar yoshlar bandligini taʼminlash reja qilingan edi. Hozirga qadar ularning 32 ming 268 tasi (74,7%) oʻz ish joyiga ega boʻldi.

Jumladan, 2 725 nafari tikuvchilik va yengil sanoat, 1 173 nafari qurilish, 11 532 nafari qishloq xoʻjaligi sohalarida ish bilan taʼminlandi. Yoshlarning 4 205 nafari davlat korxonalarida, 5 858 nafari xususiy sektorda, 4 744 nafari boshqa yoʻnalishlarda oʻz ishini topdi.

Bundan tashqari, ertamiz davomchilarining 2 254 nafariga 101 mlrd. 153 mln. soʻm kredit ajratilib, 3 980 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga erishildi.

Joriy yilning oʻtgan davrida viloyatdagi 4 ming 877 nafar ishsiz yoshlarga dehqonchilik qilishi uchun 91 ta massivdan 658,5 gektar yer ajratib berildi. Bu yer maydonlarining 344,8 gektari bogʻ qatorlari orasidan, 313,7 gektari esa adirlik hududlaridan berilgan.

Aniq misollarga oʻtamiz.

Marhamat tumanida ham bu yil ishsiz 170 nafar yoshlarga 20 sotixdan yer berildi. Toʻxtasin Mirzayev massivida kooperativ tashkil qilinib, 57 nafar yoshga bogʻdorchilik qilishi uchun 11.4 gektar yer taqsimlandi. Yoshlar yaxshi niyatlar bilan bodom, yongʻoq, gilos, olma, shaftoli, nok koʻchatlari ekishdi. Koʻchatlari ostida esa qovun, tarvuz, oshqovoq, pomidor, kartoshka, bulgʻor qalampiri, baqlajon, loviya, mosh, yeryongʻoq urugʻlari qadaldi. Dastlabki hosil – tarvuzdan yaxshigina hosil olindi.

Har bir yosh 20 sotix maydondan 5 tonnadan ziyod hosil koʻtarmoqda. Daromadni esa oʻzingiz hisoblab olavering. Har holda bu mablagʻ 20 million soʻmdan kam emas. Bu yoqda ikkinchi hosil – pomidor, bulgʻor qalampiri va dukkakli ekinlar ham yetilib qolgan.

Qoʻrgʻontepa tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi Tabassum Odilshodonova anchadan beri ishsiz boʻlgan. Bu qiz ayni pandemiya paytida qiynalib qoldi. Oʻzi tirishqoq va harakatchan bu qizga 20 sotix yer ajratib berilgach, u avval loviya va boshqa dukkakli ekinlar ekdi. Birinchi hosildan oʻrtacha 5 million soʻm foyda olishni moʻljallab turibdi. Keyin esa yana dukkakli ekinlarini ekadi.

Qoʻrgʻontepa tumanida bu yil 30 nafar yoshlarga xuddi shunday yer maydonlari ajratib berilgan. Fermer xoʻjaligi rahbari Sherzod Mirzayev tengdoshlarini yoniga olib, 20 sotixdan ajratilgan maydonda dehqonchilik qilmoqda. Dastlabki hosil yomon boʻlmadi. Bodring sotishgach, qoʻllari pul koʻrdi. Sarimsoqning-ku bozori ancha chaqqon. Tarvuzning ham xaridori koʻp. Bu yoqda piyoz ham yetilib qolay dedi. Qoʻyingki 30 oila yer bilan tillashib, daromadga kirdi.

Paxtaobod tumanida ham joriy yil boshida 2858 nafar ishsiz yigit-qizlar muammolari aniqlangan edi. Mana olis qishloqlarda ham yoshlarga yer ajratilgach, qisqa vaqtda 1700 nafar yoshlar bandligi taʼminlandi.

Ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”ga asosan tumanda ishlab chiqarish korxonalari, xizmat koʻrsatish shoxobchalarida yangi ish oʻrinlari tashkil qilinmoqda. Deylik, mana bu avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish maskani yaqinda ish boshladi. Bu yerda 10 nafar yoshning bandligi taʼminlandi.

2020 oʻquv yilida Andijon viloyatida umumtaʼlim maktablarini tamomlayotgan 40 298 nafar 11-sinf bitiruvchilari bandligini taʼminlash ham galdagi vazifa boʻlib turibdi. Bugungi kunda 23 654 nafar yoshlarga ustoz-shogird tamoyili asosida hunar oʻrganilmoqda. Viloyat yoshlari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomada 13740 nafar yoshlar tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan edi. Hozircha ulardan 4604 nafariga 40,9 mlrd. soʻm kredit ajratiladigan boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, Andijon viloyatida yoshlar bandligini taʼminlash masalasidagi ishlar izchil olib borilmoqda. Har bir yangi ish oʻrniga, barqaror daromad manbaiga esa faqat va faqat aniq-puxta reja, ishning koʻzini bilish va albatta mashaqqatli mehnat bilan erishilmoqda.

1 436
OʻzA