Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.08.2017 16:51 Chop etish versiyasi

Prezident tashrifi: farovonlikka yo‘g‘rilgan tashabbuslardan odamlar mamnun

Prezident tashrifi: farovonlikka yo‘g‘rilgan tashabbuslardan odamlar mamnun Toshkent – Bekobod yo‘li bo‘ylab borar ekansiz, qator tizilib turgan simyog‘ochlarda laylaklar bir tekis, tartib bilan in qurganini ko‘rasiz. Ko‘rib zavqingiz keladi, qoyil qolasiz, faxrlanasiz. Chunki, laylaklar tinch va farovon elni oshiyon tutadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Bekobod shahriga tashrif buyurdi. Tashrif rejasiga “Metallurg” madaniyat saroyida viloyat va shahar faollari bilan uchrashish kiritilgan. Majlis boshlanmasidan avval bekobodlik fermerlardan biri qiziq bir voqeani bizga gapirib berdi.

Nazarimizda, asosiy mavzudan biroz chetlashgandekmiz. Keling, dastlab shahar aholisining Prezidentimiz tashrifi bilan bog‘liq taassurotlari, qalb kechinmalari bilan o‘rtoqlashib, mirishkorning hikoyasini keyin davom ettirsak.

Bekobod Olmaliq shahri bilan musobaqalashadi

Davlatimiz rahbari mamlakatimizning har bir go‘shasiga alohida e’tibor va mehr bilan qaraydi. Odamlarning taqdirini, farzandlarimiz kelajagini qalbiga yaqin olib, quvonchiga, dardu tashvishiga sherik bo‘ladi, hudud rivojiga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yo‘lini ko‘rsatib beradi.

Bekobod shahrida ham shunday bo‘ldi.

O‘zbekiston metallurgiya kombinatida bir guruh yoshlar, ishchi-muhandislar bilan suhbatda Prezidentimiz korxona faoliyati, ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqqani bu yerda mehnat qilayotgan minglab odamlarning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib yubordi.

Sir emas, aksariyat bekobodliklar hayoti shu korxona bilan bog‘langan. Ishchilarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, uy-joy bilan ta’minlash, farzandlari ta’lim-tarbiyasiga qulay shart-sharoit yaratish masalalari doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Davlatimiz rahbari shahar aholisining hayotini yengillashtirish maqsadida qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Endilikda Bekobod shahriga poytaxtimizdan elektrichka qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, ishchilar uchun arzon uy-joylar, ijtimoiy-infratuzilma obyektlari qurilishi, yangi massiv qad rostlashi, aholiga qulay turmush sharoitlari yaratish bo‘yicha Bekobod va Olmaliq shaharlari o‘rtasida musobaqa e’lon qilingani barchani quvontirib yubordi.

– O‘zbekiston metallurgiya kombinati va Bekobod sement zavodi ishchilari uchun har yili 1 ming 200 xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar qurilishini eshitib, xuddi uy olgandek ruhlandim, – deydi Naimjon Jo‘rayev. – 18 yoshimdan buyon O‘zbekiston metallurgiya kombinatida ishlayman. 3 farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im shahar kasalxonasida mehnat qiladi. Ro‘zg‘ordan orttirib, uy olishga mablag‘ jamg‘ara olmayotgan edik. Prezidentimizning ishchilar uchun ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha ko‘rsatma bergani oilamiz uchun muhim yangilik bo‘ldi.

– Poytaxtimizdan Bekobodga elektrichka qatnovi yo‘lga qo‘yilishini eshitib, bir guruh mahalladoshlar idoramizga tabriklagani keldi, – deydi «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Suvonov. – Bilasiz, shahar aholisining ko‘pchiligi yumush bilan poytaxtga mashina yoki avtobusda qatnaydi. Qancha yaxshi bo‘lmasin, yo‘lning baribir o‘ziga yarasha azobi bor. Elektrichka bu muammomizga barham beradi, hayotimiz farovonligini yanada oshiradi.

35.JPG


Bekobod shahrida issiqlik ta’minoti hal etiladi

Metallurglar shahri aholisi issiqlik ta’minotida muammolarga duch kelib, yashab kelayotgan edi. Sababi uylarga o‘rnatilgan issiqlik ta’minoti quvurlari allaqachon o‘z muddatini o‘tab, texnik yaroqsiz holga kelgan. Qozonxonalar ham allaqachon ishlamay qo‘ygan...

Ana shu muammoning yechimi "Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Metallurg-madad” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli uylarda yashovchi aholi bilan uchrashuvda aytildi.

Prezidentimiz Navoiy viloyatidagi “Ariston thermo – UTG” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan gaz isitish qozonlarini lizing asosida uylarga o‘rnatish kerakligini ta’kidladi. Yaqin kelajakda 5 mingta shunday qozonni xonadonlarga lizing asosida o‘rnatib berish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriq berdi. Gaz isitish qozonlarini ishlab chiqaruvchi korxona 3-yil davomida ularga texnik xizmat ko‘rsatadi.

– Qishning qorli-qirovli kunlarida ishdan horib kelganda, issiqlik tizimining ishlamasligi juda bilinadi, – deydi Paxtakor mahallasida yashovchi Ilhom Qo‘chqorov. – Ko‘rpaga o‘ranib o‘tirgan bolalarim ahvoliga qarab xijolat bo‘lardim. Bekobod shahridagi barcha ko‘p qavatli uylarni yuz foiz individual gaz isitish qozonlari bilan ta’minlanishi ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi. Ushbu isitish qozonlari lizing asosida berilishi aholi uchun katta qulaylik bo‘ladi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, davlatimiz rahbari isitish qozonlarini yillar davomida emas, yaqin kelajakda xonadonlarga o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Zero, odamlar bugungi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezishi kerak. Ular ertaga emas, bugun yaxshi yashashni istaydi. Ularga yaxshi sharoit yaratib berish amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezonidir.

– Korxonamiz bundan uch yil oldin "Navoiy" erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan, – deydi “Ariston thermo – UTG” qo‘shma korxonasi direktori o‘rinbosari Nodir Xo‘jayev. – Barcha viloyatlarda texnik xizmat ko‘rsatish markazlarimiz bor. Bekobod shahridagi ko‘p qavatli uylarga o‘rnatiladigan qozonxonalar uchun mablag‘ tez kunda ajratiladigan bo‘ldi. Biz berilgan topshiriqni o‘z vaqtida bajaramiz.

20 (1).JPG


Bolalar bog‘chalarga to‘liq qamrab olinadi

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent viloyatida 406 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Prezidentimiz tashrifi davomida Bekobod shahridagi "Shudring" nomli 5-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lib, bu yerdagi loyihalar bilan tanishdi.

– 18-avgust nafaqat mening hayotimda, balki muassasamiz faoliyatida ham eng quvonchli kun bo‘ldi, – deydi «Shudring» nomli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Zamira Turdibekova. – Prezidentimiz muassasamiz faoliyati bilan tanishgani, Bekobod shahri misolida bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olinishini aytgani biz, pedagoglar va barcha ota-onalarni xursand qildi, ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi! Davlatimiz rahbarining 2016-yil 29-dekabrdagi "2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida maktabgacha ta’lim tizimiga bo‘lgan talab butunlay o‘zgardi. Endi bolalar bog‘chalarga to‘liq qamrab olinadi. Bola shaxsini rivojlantirish, ijodiy-estetik qobiliyati, dunyoqarashini boyitish maktabgacha ta’lim muassasalarida to‘liq amalga oshiriladi. Shu paytgacha bog‘chaga borgan bola bilan uyda tarbiyalangan farzand o‘rtasidagi farq  katta muammo edi. Endi bu tafovutga barham beriladi.

– Har bir maktabgacha ta’lim muassasasi 120 o‘rinli bo‘lishini eshitib, biz ota-onalar juda ruhlanib ketdik, – deydi Istiqbol ko‘chasi 42-1-uyda yashovchi Sanobar Hoshimova. – Sababi, o‘rin yetishmasligi bois ko‘pchilik ota-onalar farzandini bog‘chaga berolmasdi. Davlatimiz rahbari shu masalaga yechim topib bergani ko‘nglimizdagi gap bo‘ldi. Farzandlarimiz zamonaviy bog‘chalarda, hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda kamol topishidan ko‘nglimiz to‘q.

“Shudring” bolalar bog‘chasining shundoqqina yonidagi uy to‘satdan motam libosini kiydi. Xonadon sohibi Muxtor Mirkomilovning turmush o‘rtog‘i qazo qildi. Ikki go‘dagi yetim qoldi...

Prezidentimizning faollar bilan uchrashuvi nihoyasiga yetgach, yo‘lda qaytayotib shu uyga ko‘zi tushdi. Marhumaning yaqinlaridan ko‘ngil so‘radi, o‘zining chuqur hamdardligini bildirdi. Mutasaddi rahbarlarga ushbu oilaga yordam ko‘rsatish haqida ko‘rsatma berdi.

Marhumaning volidasi Nasiba Sodiqova ko‘zlarida yosh bilan kechinmalarini bayon etdi:

– Hech kim farzand dog‘ini ko‘rmasin ekan. Inson boshiga og‘ir musibat tushganida yaqinlarining daldasiga muhtoj bo‘ladi. Xudoning ishlari qiziq. Qarang, shodligimga sherik bo‘lishini so‘raganim musibatli kunimda yonimda bo‘ldi. Rosti bundan biroz afsusdaman. Chunki, butun mamlakat taqdiri, ertangi kunini o‘ylab yashayotgan Prezidentimizning shusiz ham tashvishlari ko‘p-da... Bugun davlatimiz rahbarining bor mehrini his qildik. Umrlari ziyoda bo‘lsin!

...Endi haligi fermer so‘zlab bergan voqeaga qaytsak.

– Daladan qaytayotgan edim, – deydi fermer. – Kutilmaganda kattagina bir laylak 5 metrlar chamasi balandlikdagi uyasidan tushib ketdi. Uning oldiga yugurib bordim. U behol, tomog‘i to‘pdek shishib ketgan. Ko‘tarib, uyga olib ketdim. Davolab, parvarishladim, tuzalgach qo‘yib yubordim. U asta parvoz qilib uyasiga ko‘tarildi. Men unga uzoq termuldim. U ham go‘yoki meni tanib qolgandek, har kuni daladan qaytishimni kuzatib turadi...

– E, qoyil! – hayratimizni yashirolmay dehqonning gapini bo‘ldik. – Bolaligimizda buvimiz insondan yaxshilik ko‘rgan laylak unga oltin tarvuzning urug‘ini tashlab ketgani haqidagi ertakni hikoya qilib berardi. Sizning laylagingiz ham biror nima atagandir...

Bu hazilimizdan suhbatdoshimizning yuzlari yanada yorishib ketdi:

– Yurtimizdagi tinchlik, farovonlik, dasturxonlarimizning to‘kinligi, farzandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmay kamol topayotgani, Prezidentimizning el-yurt manfaati yo‘lida qilayotgan yaxshiliklari... Qani ayting-chi, bular oltin tarvuzning urug‘idan ham ziyod emasmi?

...Oddiy dehqonning bu jaydari falsafasi xotiramizda chuqur iz qoldirdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan siyosat yurtdoshlarimizning ongi va tafakkurini butunlay o‘zgartirib yuborganiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Bekzod Hidoyatov, Matnazar Elmurodov, Ziyodulla Jonibekov, Yolqin Shamsiddinov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
2 648






Все о погоде - Pogoda.uz