Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.12.2017 19:02 Chop etish versiyasi

Prezident tashrif buyurgan 32-oilaviy poliklinika bugun qay holatda?

Sayyora opa Qahhorova poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Ma’rifat mahallasida yashaydi. Opa uzoq yillar davomida maktabda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars berdi. Hozir nafaqada. Men u kishi bilan tumandagi 32-oilaviy poliklinikada tanishib qoldim.

– Mahallamizning yoshu qarisi Prezidentimizning shu poliklinikaga kelganidan faxrlanib yuribdi, – deydi opa. – Poliklinikamizning oldingi ahvoli haqida gapirib beray. Eski binoga kirsangiz dardingiz chandon ortardi. Yorug‘lik yo‘q, havosi nam tortgan, xonalar qishda sovuq, yozda haddan ziyod issiq, o‘rindiqlar singan, yo‘laklarda navbat kutib turgan aholi asabiy, ayniqsa, chaqaloq ko‘targan ayollarga rahmimiz kelardi. Bemoru sog‘lar bir eshik oldida tirband. Xullas, manzara ayanchli. Prezidentimiz tashrifidan so‘ng, qisqa muddatda poliklinikamiz tubdan qayta ta’mirlangan binoda, mutlaq zamonaviy uslubda ish boshladi.

Suhbatdoshim adabiyotchi-da, bu yerdagi yaratilgan sharoitlar, qulayliklar haqida to‘lqinlanib, maroq bilan gapirar, ba’zan qo‘l telefoni soatiga qarab qo‘yardi. Soat 14:35.

– Navbatim yaqinlashib qoldi, bolam, – dedi qo‘lidagi bir parcha qog‘oz talonni menga ko‘rsatib. – Hozir bormasam, shifokorim kutib qoladi.

Talonda shunday yozuvlar bor edi: "vrachga kirish navbati – 52, talon raqami – 87484, xona raqami – 11, qabul kuni va vaqti: 14.12.2017. 14:40, umumiy amaliyot shifokori D.Turonova, patsient – Sayyora Qahhorova".

Bildimki, poliklinika elektron tizimga o‘tkazilgan. Mazkur tizim qulayligi shundaki, aholi uyidan telefon orqali shifokor qabuli uchun navbat oladi. Aytaylik, ertalab soat o‘nda telefon qilsangiz, ro‘yxatxonadagi xodimlar sizni komputer orqali elektron tizimga kiritadi va nomingizga Sayyora opaniki kabi talon chiqib keladi. Keyingi jarayon oydin. Belgilangan vaqtda yetib kelsangiz kifoya.

Prezidentimiz joriy yil 6 may kuni bu poliklinikaga tashrifi chog‘ida muassasa ish tartibi bilan qiziqqandi. Faoliyat samaradorligini oshirish, uylarga chiqib, aholiga patronaj xizmati ko‘rsatishni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlagandi. Mavjud muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish, poliklinikani ta’mirlash va aholi uchun qulayliklarni oshirish, tibbiy yordam qamrovini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

Guvohi bo‘lganimizdek, bugun bu topshiriqlar bajarildi, hudud aholisi ko‘nglidagi maqsadga erishildi.

– Hozir 27 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqdamiz, – deydi poliklinika bosh shifokori Nigora Saidova. – Poliklinikamiz zamonaviy tibbiy texnikalar, xususan, UTT, EKG, raqamli rentgen, raqamli ultratovush tekshiruv apparatlari, binokulyar mikroskop, bioximik analizator, komputer texnikasi bilan jihozlangan. Shuningdek, endi muassasamizning o‘zida barcha turdagi biokimyoviy tahlillar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bemorlar kunduzgi shifoxonada davolanish imkoniyatiga ega.

Bolalar va homilador ayollar, keksalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Poliklinika ish vaqti soat 8:00 dan 20:00 gacha belgilandi. Patronaj va tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlandi. Patronaj xizmati afzalligi shundaki, avvallari nogiron, keksa va yosh bolali ayollarni, ularning farzandlari uy sharoitida oila shifokori va hamshiralar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda poliklinikaning tor mutaxassislari ham maxsus jihozlangan mashinada, barcha kerakli tibbiyot asbob-uskunalari yordamida ular dardiga darmon bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oilaviy poliklinikalarda tez tibbiy yordam punkti faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning samaradorligi ham e’tiborga molik. Aytaylik, men o‘zimni tun yarmida nohush his etib, uyimga tez tibbiy yordam chaqirdim. Go‘shakni ko‘targan navbatchi xodim oilaviy poliklinikamizdagi tez tibbiy yordam xizmatiga xabar qiladi. Ular dar

hol yetib kelib, kerakli yordam ko‘rsatadi. Jarayon bu bilan tugamaydi. Aksincha, ertasiga boshlanadi. Tunda qaysi xonadonlarda bo‘lib, kimlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgani haqidagi xabar ish vaqti boshlanishi bilan tegishlicha oilaviy shifokorlar qo‘liga yetib keladi. Menga qo‘yilgan tashxisni o‘rgangan shifokor zarur holda uyimga kelib, hol-ahvol so‘raydi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, maslahat beradi, salomatligim haqida qayg‘uradi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, xayrli, shodlik, ko‘p quvonchli voqealar bilan poyoniga yetib bormoqda. Bu yilda Prezidentimiz barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimiga alohida e’tibor qaratmoqda. Maqsadimiz: inson manfaatlari har narsadan ustun bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, aholimiz salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishi g‘oyat muhim jihatdir. Zero, boylikning boshi – sog‘liq, deydi xalqimiz.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
6 178