O‘zA O`zbek

12.10.2019 Chop etish versiyasi

Prezident tashabbuslari amalda

Prezident tashabbuslari amalda

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan “Besh tashabbus – besh imkoniyat” shiori ostida yoshlar festivali oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20-21-avgust kunlari Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida mazkur festival 9-oktyabr kuni Amudaryo, Toʻrtkoʻl, Beruniy va Ellikqalʼa tumanlarida, 10-oktyabr kuni Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak, Chimboy, Kegeyli va Boʻzatov tumanlarida, 11-oktyabr kuni Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Qonlikoʻl va Shumanay tumanlarida boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, joriy yil 19-martda oʻtkazilgan videoselektor majlisida Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishni oshirish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni keng ommaga targʻib etish, aholi xabardorligini oshirish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi raisi, oʻrinbosarlari va masʼul xodimlari shahar va tuman Kengashlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularga amaliy yordam berish boʻyicha biriktirilib, har haftaning juma va shanba kunlari targʻibot tadbirlari tashkil etish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar 1 million 81 ming 425 nafar boʻlib, ular hudud aholisining 58,6 foizini tashkil etadi. Shundan 486 ming 659 nafari 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar hisoblanadi. Oʻtgan davr mobaynida 173 ming 167 nafar yigit-qizlar Yoshlar ittifoqi, 232 ming 625 nafari “Kamalak” bolalar tashkiloti aʼzoligiga qabul qilindi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida 5 ta muhim tashabbusni keng ommaga targʻib etish, aholi, ayniqsa, yoshlarning xabardorligini oshirishga yoʻnaltirilgan 1043 ta tadbir va loyiha amalga oshirilib, ularga 96 mingdan ortiq yosh jalb qilindi. Jumladan, tuman hamda shahar Kengashlari qoshida, “Yoshlar markaz”larida jami 41 ta toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning 17 foizini madaniyat va sanatga, 17 foizini kompyuter texnologiyalarini chuqur oʻrganishga, 29 foizini jismoniy tarbiya va sportga, 25 foizini kitobxonlikka jalb etish maqsadida idoralar va jamoat tashkilotlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashining yoshlarning ijtimoiy faolligini orttirish, ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Yoshlar murojaati” qabul qilinib, joylarda uning ijrosini taʼminlash borasida keng koʻlamli tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Birinchi tashabbus doirasida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish maqsadida yosh qalamkashlar ishtirokida “Vatan mening nigohimda”,“Shahrimning yangi qiyofasi” mavzularida rasmlar va fotosuratlar, “Yoshlar Vatan xizmatida, rostgoʻylik va qonunlarni hurmat qilish tarafdori” mavzusida ijodiy ishlar, “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovlari oʻtkazilib, gʻoliblar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi. Turli sohalarda muvaffaqiyatga erishib kelayotgan yoshlar ishtirokida “Siz sevgan qahramonlar”, yoshlar ittifoqi faollari va Sardorlar Kengashining “Vatan ostonadan boshlanadi” mavzusida uchrashuvlar tashkil etilib, vatanparvarlik ruhida tayyorlangan “Elparvar” badiiy filmi yoshlarga namoyish etildi. “Vatan kelajagi sening qoʻlingda” loyihasi doirasida “Baxtli elning baxtli farzandlarimiz”, “Vaqt qadri”, “Imkoniyat, harakat va natija”, “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzularida oʻtkazilgan seminar-treninglarda yoshlar faol ishtirok etdi. “Hokim va yoshlar”, “Deputat va yoshlar”,“Armiya va yoshlar” loyihalari doirasidagi uchrashuvlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ikkinchi tashabbus boʻyicha “Yoshlar marafoni” sport musobaqasi, sportning futbol, mini-futbol, “Armrestling”, qilichbozlik, suzish, boks, badiiy gimnastika, voleybol turlari boʻyicha musobaqalar, yoshlar oʻrtasida “Kiber sport” boʻyicha virtual sport, “Yoshlar kubogi” musobaqalari, “Biz sogʻlom turmush tarafdorimiz” shiori ostida tuman sport ustalari va yoshlar bilan uchrashuvlar, taniqli sportchilar tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi.

– Mamlakatimizda yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan,– deydi festival ishtirokchisi, Ellikqalʼa tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Bunyod Alimov. – Ikki yildan buyon murabbiyim Timur Tanirbergenov rahbarligida karate-do bilan shugʻullanib kelaman. Joriy yilda Rossiyaning Sochi shahrida boʻlib oʻtgan anʼanaviy turnirda gʻolib boʻlib, jahon chempionatga yoʻllanma oldim.

Uchinchi tashabbus doirasida aholi va yoshlar oʻrtasida “Axborot texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish” mavzusida mahorat darslari tashkil etildi.

Toʻrtinchi tashabbus boʻyicha “Yoshlar kutubxonasi”, “Kitoblar karvoni” loyihalari doirasida kitob yarmarkasi, yangi kitoblar koʻrgazmasi, yosh kitobxonlar oʻrtasida “Men oʻqigan kitob” kitobxonlik tanlovi, Yoshlar oʻrtasida “Bilimdonlar arenasi” intellektual oʻyinlari, “Omadli yoshlar” intellektual tanlovlarida yoshlar faol ishtirok etdi.

Beshinchi tashabbus, yaʼni xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, ularning tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida “Tadbirkorlik sirlari” mavzusida, “Ustoz-shogird”, shuningdek xotin-qizlarning bandligini taʼminlashga qaratilgan “Hunarlining qoʻli gul” mahorat darslari, yosh oilalar uchun “Oila psixologiyasi”, “Fikrlar quvvat baxsh etadi” mavzusida psixologik seminar-treninglar, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilishga qaratilgan “Biznes sayohat” loyihalari amalga oshirildi. “Men ishga joylashdim” loyihasida yoshlarning bandligi taʼminlandi.

Festival doirasida kam taʼminlangan yosh oilalar holidan xabar olindi.

Tadbir yakunida “Yoshlar – kelajak bunyodkori!” shiori ostidagi gala-konsertda aksiya doirasida oʻtkazilgan tadbirlar gʻoliblari va faol ishtirok etgan yoshlar ragʻbatlantirildi.

“Besh tashabbus – besh imkoniyat!” yoshlar festivali bugun Nukus, Xoʻjayli, Taxiatosh tumanlari hamda Nukus shahrida davom etmoqda.

1 753
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA