O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

“Prezident sharoit yaratib berdi, biz ishlayapmiz”

“Prezident sharoit yaratib berdi, biz ishlayapmiz”

Samarqand viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan jurnalist va blogerlar ishtirokidagi navbatdagi press-tur Urgut tumanida oʻtkazildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari tumanning Gʻoʻs qishlogʻida, togʻ yon bagʻrida joylashgan Gʻavsul Aʼzam qadamjosini ziyorat qilgach, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Mergancha massividagi sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Umumiy yer maydoni 816 gektarni tashkil etadigan iqtisodiy zona uchun tumanning Sariqtepa massivida 246 gektar yer ajratilgan. Hozirda bu yerda oʻnga yaqin sanoat korxonasi tashkil etilgan.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil oktyabr oyida Urgutga tashrif buyurganlarida tumanimizdagi sanoat zonasi bilan tanishib, uni kengaytirish, hududda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini taʼkidlagan edi, – deydi “Samelektroservis” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Sohib Azimov. – Oʻsha uchrashuvda biz ham oʻz takliflarimizni bildirdik. Davlatimiz har tomonlama qoʻllab-quvvatlasa, sharoit yaratib berilsa Urgutni sanoati rivojlangan hududga, ikkinchi Xitoyga aylantirishga vaʼda bergandik. Davlatimiz rahbari bu gaplardan ruhlanib, Urgutda erkin iqtisodiy zona tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu uchrashuvdan koʻp oʻtmay, 2017-yil 12-yanvarda Prezidentimiz farmoni bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Davlatimiz rahbari erkin va samarali ishlashimiz uchun sharoit yaratib berdi. Bu nafaqat urgutlik, balki Samarqand viloyatidagi tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat boʻldi. Chunki iqtisodiy zonaga Urgut, Pastdargʻom va Nurobod tumanlaridan yer maydonlari ajratildi. Hozirda bu joylarda koʻplab korxonalar qurilib, ish boshladi. Bizning korxonamiz ham erkin iqtisodiy zonada tashkil etilgan dastlabki zavodlardan biri hisoblanadi. 2 million dollarlik investitsiya hisobiga Turkiyadan zamonaviy texnologiyalar keltirib, yiliga 100 ming dona elektr duxovka va 40 mingta gaz plita ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Hozirda yigirma turga yaqin import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Mahsulotlarimizni ichki bozordan tashqari, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlariga sotyapmiz. Ayni paytda Rossiya, Afgʻoniston, Pokiston, Ozarbayjonga ham tovar yetkazib berish boʻyicha kelishuvlarga erishayapmiz. Kelgusida mahsulot turini koʻpaytirish va butlovchi qismlarning asosiy qismini oʻzimizda tayyorlash hisobiga ishlab chiqarish hajmini ikki barobar oshirish hamda bugungi kunda mavjud 160 dan ortiq ish oʻrinlarini 200 tadan koʻpaytirishni rejalashtirganmiz.

Press-tur doirasida ishtirokchilar hududdagi gilam mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan “YEC Gilam”, gigiyena vositalari tayyorlanayotgan “Urgutmikrometal” korxonalarida ham boʻlib, ishlab chiqarish jarayonlarini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega boʻldi.

1 355
Gʻ.HASANOV, OʻzA