O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 20:00 Chop etish versiyasi

Prezident qarorining ijrosi “Hukumat soati”da muhokama qilindi

Prezident qarorining ijrosi “Hukumat soati”da muhokama qilindi
Joriy yilning 6 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida tarkib topgan yangi anʼanaga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlariga asosan “Hukumat soati” oʻtkazildi.

Deputatlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini oʻrganish yuzasidan olib borgan ishlari hamda joylarda aholi tomonidan koʻtarilgan masalalardan kelib chiqib, quyi palatadagi deputatlar birlashmalari takliflariga koʻra, “Hukumat soati”da koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining joylardagi ijrosi haqidagi masala kiritildi.

Mazkur masala yuzasidan deputatlar savollariga atroflicha javob berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining mutasaddi rahbarlari taklif etildi.

“Hukumat soati”da taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining mazkur qarori ijrosi doirasida qoʻmitaning hududiy organlari huzurida 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonasi va ularning 172 ta tuman (shahar) filiallari tashkil etildi.

Tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufida boʻlgan 1 403 ta maxsus texnika, 1 102 ta chiqindi yigʻish maydonchasi, 6 131 ta chiqindi konteyneri va 160 ta poligon “Toza hudud” korxonalari balansiga oʻtkazib berildi. Natijada respublika boʻyicha 5 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi. 2018 yil yakuniga qadar yana qoʻshimcha 608 ta ish oʻrni tashkil qilinadi.

Deputatlar taʼkidlab oʻtganidek, ana shu ijobiy ishlar barobarida oʻz yechimini kutayotgan kamchilik va muammoli masalalar ham mavjud. Ularni bartaraf etish borasida mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 18 maydagi “Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim qadam boʻldi.

Mazkur hujjat bilan 2019-2021 yillarda “Toza hudud” DUKlarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi koʻzda tutilgan bir qator manzilli dasturlar tasdiqlandi. Ularga muvofiq, 3 623 dona maishiy chiqindi konteyneri va 732 dona maxsus texnika xarid qilish, shuningdek, chiqindi yigʻishga moʻljallangan 644 ta yangi namunaviy maydonchani qurish, qattiq maishiy chiqindilar uchun moʻljallangan 143 ta poligonni tartibga keltirish koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi mamlakatimiz Prezidenti qarorining ijrosi yuzasidan bergan axborotidan soʻng deputatlarning qator boshqa savollariga javoblar qaytardi.

Xususan, deputatlar bugungi kunda “Toza hudud” DUK tuman (shahar) filialida zarur texnikalar yetishmayotgani, qoʻshimcha ravishda qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiquvchi, chiqindi yuklash va tekislash texnikalariga ehtiyoj mavjudligi, shartnomalar va chiqindilarni olib chiqib ketish grafiklari, maxsus avtotransport vositalarining bir tumandan ikkinchisiga chiqindilarni tashish uchun safarbar qilinishi, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari bilan yetarli darajada taʼminlangani bilan qiziqdilar.

Joylardagi oʻrganishlar chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun tariflar har tumanda turlicha ekanini koʻrsatayotgani qayd etildi. Deputatlar ushbu tariflarni belgilash boʻyicha yagona yondashuvni ishlab chiqish masalasiga ham eʼtibor qaratdilar.

Tadbir yakunida Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga mazkur sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi. Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati