O‘zA O`zbek

09.08.2018 13:52 Chop etish versiyasi

Prezident e’lon qilgan noodatiy musobaqada g‘olib Bekobodmi yoki Olmaliq shahri?

Prezident e’lon qilgan noodatiy musobaqada g‘olib Bekobodmi yoki Olmaliq shahri?

Xabaringiz bor, 2017 yil 18 avgust kuni Prezidentimiz Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida Bekobod va Olmaliq shaharlari o‘rtasida rivojlanish bo‘yicha musobaqa o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi.

Shundan buyon ushbu ikkala shaharda bunyodkorlik ishlari avjida. Shaharlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat asosida bozordagi narx-navodan tortib, aholi turmushi uchun yaratilayotgan barcha sharoitlar, yangi korxonalarni ishga tushirish, ish o‘rni yaratish, barchasi e’tiborga olinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, odamlarning roziligi uchun birdek harakat qilinmoqda. Xo‘sh, ayni paytda qaysi shaharni oldingi qatorda deyishimiz mumkin?

Har ikki shahar odamlarining hayotdan rozilik, bugungi kunidan shukronalik ufurib turgan yuz-ko‘zlaridagi mamnunlik bizga ham ko‘chdi shekilli, asosiy maqsad – kim g‘olib, degan savolga javob topishda ochig‘i, qiynaldik. Boisi, so‘nggi bir yilda aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirish yo‘lida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha bir o‘rinda Bekobod, boshqasida Olmaliq shahri ustun ko‘rinadi.

Fikrimiz asossiz bo‘lmasligi uchun birgina misol. Aholiga yangi ko‘p qavatli turar joylar qurish bo‘yicha Bekobodda 5 ta, Olmaliqda 10 ta ko‘p qavatli uy barpo etilmoqda. Bu o‘rinda Olmaliq shahri g‘olib!

Yaratilgan ish o‘rinlari hisobiga Bekobod shahrida ishsizlik darajasi 12,1 foizdan 8,7 foizga tushgan. Olmaliq shahrida esa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 4,3 foizligicha, o‘zgarmay qolgan. Demak, bu borada Bekobod shahri oldinda!

Musobaqada kim g‘olib bo‘lishidan qat’iy nazar, bunda hech bir tomon yutqazmaydi. Zero, musobaqaning mutlaq g‘olibi– bu HAR IKKI SHAHAR AHOLISI, ya’ni, u yerda yashayotgan yurtdoshlarimiz!

A. Xudoyqulov, O‘zA
3 194