O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Premiks importining 30 foizini qoplovchi korxona faoliyat boshladi

Premiks importining 30 foizini qoplovchi korxona faoliyat boshladi

Toshkent viloyati Ohangaron shahrida premiks – boyitilgan omuxta yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar hokimligi, Germaniyaning “Kaesler” firmasi mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, investorlar uchun qulay biznes sharoiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hududlarning investitsion jozibadorligini oshirish, investitsiya oqimini kengaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Viloyatning yirik sanoat markazlaridan biri bo‘lgan Ohangaron shahrida ham kichik va o‘rta biznesni jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yil shaharda qiymati 681,1 milliard bo‘lgan 22 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ayni paytga qadar mazkur yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan 7 korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

“AGRO SAMMIX” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xususiy korxona ham joriy yil dasturiga mo‘ljallangan korxonalardan biri.

Loyiha qiymati 87 milliard so‘mni tashkil etuvchi korxona qisqa fursatda bunyod etilib, Gollandiya yetakchi firmalarining energiyatejamkor asbob-uskunalari bilan jihozlandi. Ayni paytda korxonada 30 nafar mahalliy aholining doimiy bandligi ta’minlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizga import qilinayotgan premiks – boyitilgan omuxta yemning 30 foizini mahalliylashtirish imkonini beradi. E’tiborli jihati, korxona to‘liq quvvat bilan faoliyat boshlashga ulgurmasdan Tojikiston Respublikasiga 5 tonna mahsulot eksport qildi.

Tadbir doirasida korxona va Germaniyaning “Kaesler” firmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bitim imzolandi.

630
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA