Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 19:41 Chop etish versiyasi

Poytaxtning eng yaxshi mahallalari nomi e’lon qilindi

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Xalq ta’limi, Madaniyat vazirliklari va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida «Mahalla – mening taqdirimda» ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi.

“Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam!” shiori ostidagi ushbu tanlovning tuman bosqichida saralangan 11 jamoa mahalla hayoti, tarixi, milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va boshqa tushunchalar doirasida o‘z bilim va ko‘nikmasini namoyish etdi.

“Mahalla – mening taqdirimda” ko‘rik-tanlovi uch bosqichli tizimda o‘tkazilib, unda umumta’lim maktablarining yuqori sinflari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Tanlovning mahallalararo saralash bosqichi 493 fuqarolar yig‘ini jamoalari o‘rtasida o‘tkazildi. Unda uch mingdan ortiq yosh qatnashdi. Tanlovning tuman bosqichida esa poytaxtimizdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining 93 jamoasi bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Olmazor tumanidagi «Umid» mahalla fuqarolar yig‘inining «Umidimiz yulduzlari» jamoasi birinchi, Yashnobod tumanidagi «Ko‘ksaroy» mahalla fuqarolar yig‘inining «Istiqlol» jamoasi ikkinchi, Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomli mahalla fuqarolar yig‘inining «Kelajak bunyodkori» jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
1 637