O‘zA O`zbek

04.09.2007 19:36 Chop etish versiyasi

Poytaxtning bosh maydoniga “Mustaqillik maydoni” nomi berilganiga 16 yil bo‘ldi

O‘zA, Olim To‘raqulov – Bundan 16 yil muqaddam – 1991 yil 5 sentabrda mamlakatimiz poytaxtining bosh maydoniga “Mustaqillik maydoni” nomi berilgan edi.

Mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, azim poytaxtimizning yanada yasharib-yashnab borayotgani, unda amalga oshirilayotgan ishlarning sur’ati va ko‘lami kishini hayratga soladi. Toshkent shahrida olib borilgan bunyodkorlik haqida gap ketganda, avvalo, Mustaqillik maydoni ko‘z oldimizga keladi.

Mustaqillik maydoni Vatanimizning yuragidir. Yurtdoshlarimizning, mamlakatimiz mehmonlarining bu muqaddas go‘shani ziyorat qilishida katta ma’no bor. Zero, bu maydon ajdodlarimiz asrlar mobaynida orziqib kutgan, bugungi avlodlarga nasib etgan eng ulug‘, eng aziz ne’mat – istiqlolimiz ramzidir. Shu bois barchamiz mustaqillik bizga ato etgan ne’matlarning nechog‘li buyuk va qadrli ekanini shu muazzam maydon timsolida ham yurakdan his etamiz.

Tarixdan yaxshi ma’lumki, davlatchilik ramzi sifatida ko‘plab mamlakatlar poytaxtlari markazida bosh maydonlar barpo etilgan. Mustaqillik maydoni yangi tariximizga daxldordir.

Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va bevosita ishtirokida qaytadan yaratilgan Mustaqillik maydoni, dastlab totalitar tuzum asoratlaridan butunlay tozalanib, «dohiy» haykali o‘rnida Yer shari tasviri va uning markazida O‘zbekiston xaritasi joy oldiki, u Mustaqillik monumenti deya ataldi. Bu dunyoda O‘zbekiston degan yangi davlat paydo bo‘lganining, uning o‘z tanlagan yo‘li borligining ifodasi edi.

Maydonga tutash hududda joylashgan «Texnolog» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi maydon qiyofasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelardi. Ayniqsa, Senat binosi qurib bitkazilib, ilgari yozning jaziramasida olovdek qizib yotgan asfalt va beton qoplangan befayz maydon o‘rnida salqin favvoralar, ko‘rkam daraxtlar, yam-yashil maysalar va gullardan iborat so‘lim bog‘ paydo bo‘lgach, bu korxonaning maydon husniga dog‘ tushirib turganligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Shu bois bu yerdagi qator sanoat korxonalari boshqa joyga ko‘chirildi. Shu birgina o‘zgarish tufayli serqatnov yo‘l kengayib, atrof ko‘rkamlashdi, kishining bahri-dilini ochadigan bahavo go‘sha paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yuqori palatasi – Senat binosi ham Mustaqillik maydonida qad rostladi. Mazkur ulug‘vor koshona bosh maydonning umumiy manzarasiga uyg‘unlashdi. Binoga kiraverishda o‘rnatilgan mahobatli to‘rt ustun, ularning tepasida qurilgan uch gumbaz asriy an’analarimiz bardavomligining ifodasidir. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, mazkur koshona o‘zining ulug‘vorligi bilan davlatimizning kuch-qudrati va salohiyatining yana bir ifodasi sifatida xalqimizning g‘urur-iftixorini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Mustaqillik maydonida barpo etilgan inshootlardan yana biri, bu – Ezgulik arkasidir. Arkaning baland va mustahkam ustunlari – mustaqil mamlakatimizning baquvvat tayanchlari timsolidir. Ezgulik arkasi – uzunligi 150 metr, ikki tomoni o‘n, o‘rta peshtoqi o‘n ikki metr balandlikka ega, qator ketgan o‘n oltita oq marmar ustunlardan iborat muazzam me’moriy mo‘jizadir. Ezgulik arkasi vatandoshlarimizning aziz va muqaddas timsoliga aylandi. Shu bois mazkur ostonadan o‘tadigan har bir yurtdoshimizning qalbi shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ulari bilan to‘ladi.

2005 yilning dekabrida Prezidentimiz Mustaqillik maydonida yangi qad rostlagan monument poyiga gulchambar qo‘ydi. Maydonda istiqlolimizning dastlabki kunlarida barpo etilgan Mustaqillik monumenti oldidan farzandini bag‘riga bosib turgan Baxtiyor ona siymosi joy oldi. Baxtiyor ona haykalining o‘rnatilishi maydon me’moriy yechimidagi o‘ziga xos yutuq bo‘ldi. Bu badiiy majmua el-yurt sha’n-shavkati, g‘urur-iftixori, milliy davlatchiligimiz timsollaridan biriga aylandi.

Ona sayyora va Baxtiyor Ona! Ushbu ramzlarda naqadar teran ma’no mujassam. Zero, ularning har ikkisi ham tiriklik va abadiyat timsolidirki, biz, inson farzandlari Ona bag‘rida tug‘ilib, o‘sib-ulg‘ayib, keyin ona sayyora farzandlariga aylanamiz. Onalarning eng ulug‘ niyati nima? Ona zaminimiz tinch bo‘lsa, farzandlar sog‘-salomat ulg‘aysa. Ona uchun bundan ortiq baxt bormi! Baxtiyor ona yuz-ko‘zlarida shunday tilak va niyatlar balqib turibdi.

Yurtboshimizning taklifiga binoan, o‘zining chuqur va keng ma’no-mazmuni bilan barchamiz uchun aziz bo‘lgan ikki muqaddas qadriyatni o‘zida mujassamlashtirgan ushbu majmuaga hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi – Mustaqillik va ezgulik monumenti deb nom berildi. Zero, mustaqillik va ezgulik tushunchalarini bir-biridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi.

Mazkur ikki qadriyat zamirida xalqimizning asriy orzu-niyatlari mujassam. Bugun yangi oila qurayotgan yigit va qizlar maydondagi Ezgulik arkasi ostonasidan o‘tib, ikki yoni qizil ma’dantosh koshindan, o‘rtasi oq poyondoz shaklidagi keng yo‘lakdan yurib, mazkur monument poyiga gul qo‘yishi urfga aylandi. Umumxalq bayramlari, tantanali marosimlarda ushbu obida poyiga gulchambar qo‘yish marosimi rasmiy taomilga kirdi.

Mustaqillik maydonining yaxlit me’moriy ansamblini to‘ldirib turgan 14 qavatli ko‘rkam ma’muriy bino hamda uning yonida qad rostlagan 7 qavatli imorat bir-biriga uyg‘un holda yagona majmuani tashkil qiladi. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, bunday majmualar mustaqilligimizning tobora mustahkamlanib borayotganidan, el-yurtimiz farovonligi yuksalayotganidan yana bir dalolatdir.

Ma’muriy binoning ikki tarafidagi eski favvoralar tubdan rekonstruksiya qilinib, yangilari qurildi. Maydonga o‘zgacha fayz bag‘ishlovchi favvoralar majmui yuzaga keldi.

Istiqlolimizning 15 yilligi arafasida bosh maydonga tutash hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarining yana biri – Navoiy kon-metallurgiya kombinatining biznes markazidir. Mustaqillik maydoniga yondosh chorrahada qad rostlagan ushbu markaz o‘zining betakror qiyofasi bilan bosh maydonimizning umumiy manzarasini to‘ldirib, husniga-husn qo‘shdi.

Mustaqillik maydonidan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Ular orasida maktab o‘quvchilari, talabalar, nuroniy otaxonu onaxonlar, xorijlik sayyohlar – turli kasbdagi, turli sohadagi odamlarni uchratish mumkin.

– Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan ushbu muazzam maydon va unga tutash hududda keng ko‘lamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, – deydi Toshkent madaniyat institutining dotsenti Sa’dulla Shodiyev. – Bunday ulkan bunyodkorlik ishlari tufayli bugungi kunda ushbu maskanning nafaqat qiyofasi o‘zgardi, balki u butunlay yangicha ma’no-mazmun kasb etdi. Shu bois Mustaqillik maydonidan odamlarning qadami uzilmaydi. Maydonning Vatanimiz, xalqimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyatini yosh avlodga chuqur va mukammal tushuntirish barkamol avlod tarbiyasida g‘oyatda muhim ahamiyatga egadir.

– Mustaqillik maydonining tarovati, bu yerdagi inshootlarning ulug‘vorligi ko‘nglimga faxr va cheksiz hayajon baxsh etdi, – deydi Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali talabasi Habib Pardayev. – Bunday obod va ko‘rkam maskanlar biz, yoshlarni Istiqlolimizning mazmun-mohiyatini teranroq anglashga, o‘zimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga qodir, komil farzandlar bo‘lib yetishishga undaydi.

Mamlakatimizga, uning bugungi va ertangi taraqqiyotiga aynan Mustaqillik maydonidan turib nazar tashlanadi. Shu bois Vatanimizning, xalqimizning kelajagi ham ana shu muqaddas maydon kabi ulug‘vor va buyuk bo‘lgay!


74 432