Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2017 16:14 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizning namunali militsiya tayanch punktlari

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ichki ishlar organlari xodimlari bilan aholi o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro ishonch va ochiqlikni ta’minlash maqsadida profilaktika inspektorlari, militsiya tayanch punktlari, “Mahalla posboni” kabi institutlar tashkil etilgani yurtimizda tinch-osuda hayot ta’minlanishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Ichki ishlar tizimida o‘tkazib kelinayotgan «Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punkti» ko‘rik-tanlovi sohadagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynayotir.

Poytaxtimizda mazkur tanlovning Toshkent shahar bosqichi yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda bu alohida qayd etildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Qurbonov, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova, Toshkent shahar prokurori B.Qudratxo‘jayev va boshqalar mamlakatimizda qaror topgan tinchlik-osoyishtalik xalqimizning eng katta yutug‘i ekani, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga barcha birdek mas’ulligini ta’kidladi.

Barcha hududlarda mahalla idorasi va militsiya tayanch punkti infratuzilmasi zamon talablari asosida bunyod etilgan. Ularda profilaktika inspektori, mahalla oqsoqoli, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, xotin-qizlar kengashi, yarashtirish komissiyasi va posbonlarning bir joyda, hamkorlikda faoliyat yuritayotgani ijtimoiy masalalarni sifatli hal etish va muammolarning oldini olish imkonini bermoqda.

Poytaxtimizdagi 505 mahallada militsiya tayanch punkti tashkil etilgan bo‘lib, ularning aksariyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan bir binoda faoliyat ko‘rsatmoqda. Militsiya tayanch punktlarining huzurida fakultativ to‘garaklar, kichik biznes shoxobchalari, voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun jihozlangan sport maydonchalari mavjudligi mahallalar obodligi, muhiti sog‘lomligiga xizmat qilayotir.

Tanlovda aynan shu jihatlarga, mahallada o‘rnatilgan tinchlik-barqarorlik, bu borada profilaktika inspektorlari ko‘rsatayotgan fidoyi mehnat natijalariga e’tibor qaratildi.

Shayxontohur tumani Chaqar mahallasidagi 363-militsiya tayanch punkti g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning payshanba kunlari jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni, deb e’lon qilingani ishlarimiz samaradorligini oshirmoqda, – deydi 363-militsiya tayanch punkti profilaktika katta inspektori Shokir Jumayev. – Chunki shu kuni profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda mahalla faollari bilan bir qatorda ko‘plab davlat tashkilotlari, aholi bilan hamkorlik asosidagi ishlar ko‘lami kengaydi. Yoshlar, aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarining ta’sirchanligi oshdi.

Yunusobod tumani Qo‘shchinor mahallasidagi 406-militsiya tayanch punkti ikkinchi, Sergeli tumani Habibiy nomidagi mahalladagi 234-militsiya tayanch punkti uchinchi o‘rinni egalladi. Turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

G‘oliblarga diplom va sovg‘alar topshirildi. San’atkorlarning chiqishlari tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 454






Все о погоде - Pogoda.uz