Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.11.2017 19:29 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda «Yoshlar sammiti Toshkent – 2017» festivali boshlandi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent shahar kengashi tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur festivalda o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilari qatnashmoqda. Ular joriy yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tgan «Yoshlar ovozi» tahliliy, ilmiy-amaliy konferensiyasi g‘oliblaridir.

Hayotda qay bir kasbni olib qaramang, uning rivojida o‘ziga xos talablar bor. Deylik tadbirkorlik. Biznes loyiha yetti o‘lchab bir kesilmasa yoki mahsulotning sifati nazardan qochirilsa ishlab chiqaruvchi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi aniq. Shunday vaziyatga tushib qolmaslik uchun yana nimalarga e’tibor berish lozim? Ayni masala yuzasidan sohaga qiziquvchi, bilimi chuqur, mustaqil fikrga ega, tashabbuskor yoshlar yanada jo‘yali takliflarni bildirishi mumkin. Yangi takliflar, loyihalarni jamlash, saralash uchun esa muloqot, muhokama maydoni kerak.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu yil 18-iyuldagi «O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan «Yoshlar sammiti Toshkent – 2017» festivali ana shu vazifani bajarish bilan birga tashabbuskor yoshlarni aniqlashni o‘z oldiga maqsad qilgan. Bunday yigit-qizlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi qoshida tashkil etilgan Yoshlar parlamentiga deputat bo‘lish huquqini qo‘lga kiritadi. Deputatlik esa qonun ijodkorligiga qiziqqan yoshlarga ilk tajriba maktabi bo‘ladi.

Tadbirning ochilishida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti prorektori M.Komilov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent shahar kengashi faollari so‘zga chiqdi. Ular mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil va samarali amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng ishtirokchilarning turli sohalar bo‘yicha yangi loyiha yaratishdagi mahoratini oshirishga mo‘ljallangan treninglar boshlandi. Ularni poytaxtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tajribali mutaxassislar olib bormoqda.

– Festival doirasida huquqiy bilim, kitobxonlik madaniyati, ekologik tushunchalar, tadbirkorlik, innovatsiya va axborot kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiyot va turizm yo‘nalishlarida qator tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan, – deydi «Yoshlar sammiti Toshkent – 2017» loyihasi bosh koordinatori U.Hoshimov. – Ularda ishtirokchilar tanlagan yo‘nalishidan kelib chiqib guruhlarga bo‘linadi va ma’lum bir muammoning yechimiga qaratilgan loyihalar ustida ish olib boradi, taqdimot qiladi. Tadbir doirasida yoshlar poytaxtimizdagi madaniy-ma’rifiy maskanlarga sayohat qiladi, nufuzli mehmonxonalar faoliyati, zavod va korxonalardagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishadi.

Malohat Husanova, O‘zA
2 075






Все о погоде - Pogoda.uz