Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 16:40 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda "Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi" tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi

2006-yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan ushbu tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan o‘qituvchi va murabbiylarning safi yil sayin kengayib bormoqda. Ko‘p yillik ish tajribasiga ega pedagoglar bilan birga yosh o‘qituvchilar ham tanlovda qatnashib, bilim va mahoratini ko‘rikdan o‘tkazayotir.

O‘tgan yillar mobaynida tanlov g‘olibi bo‘lgan o‘qituvchilar o‘z ish joylarida hududiy malaka oshirish institutlarining tinglovchilari va fan o‘qituvchilari uchun ochiq darslar o‘tkazmoqda. Ularning ish tajribalari mamlakatimiz miqyosida ommalashtirilmoqda.

Joriy yilning 1-6-may kunlari kimyo, fizika, tarix, matematika, informatika, rus tili va adabiyoti, milliy istiqlol g‘oyasi, chet tili o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovining respublika bosqichi o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlangan edi. 13-15-sentabrda esa boshlang‘ich ta’lim, ona tili va adabiyot, o‘zbek tili, geografiya, biologiya fanlaridan tanlovning respublika bosqichida 68 nafar pedagog o‘z bilim va tajribasini sinovdan o‘tkazdi.

Tanlov joriy yilda yangicha ko‘rinishda – zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda tashkil qilindi. O‘qituvchilarning tegishli fan bo‘yicha kasb bilimini baholash maqsadida tanlovning tuman, shahar bosqichlarida onlayn test sinovlari o‘tkazildi. Unda 16 ta fan bo‘yicha 260 mingdan ortiq o‘qituvchi ishtirok etdi.

– Bu yilgi tanlov uchun maxsus elektron dastur tayyorlanib, test jarayonlarini tashkil etish va natijalarini umumlashtirish imkoniyati yaratildi, – deydi Respublika ta’lim markazi bo‘lim boshlig‘i O‘g‘iloy Yusupova. – Bu tanlov jarayonlarining ochiqligini ta’minlash bilan birga, uni markazlashgan holda boshqarib borish, o‘qituvchilar bilim saviyasini hududlar hamda fanlar bo‘yicha tahlil qilish imkonini berdi.

Tanlovning respublika bosqichida o‘qituvchilar 4 shart asosida bahslashdi. Birinchi shartda ishtirokchi o‘z fani bo‘yicha 50 ta test savoliga javob berdi. Ikkinchi shartda mutaxassisligi va uslubiyotga oid topshiriqni yozma bajardi. Uchinchi shartda esa o‘qituvchilar zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda dars ishlanmasi va uning taqdimotini tayyorladi. So‘nggi shartda ishtirokchilar ma’lum mavzu bo‘yicha qur’a tashlash yo‘li bilan tanlangan sinfda dars mashg‘uloti o‘tkazdi.

Nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning bilimi, ish tajribasi, o‘quvchilarning ko‘ngliga yo‘l topish, ularni darsga qiziqtirish qobiliyati xolisona baholandi. G‘oliblar 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kunida “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak-nishoni va vazirlikning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
1 261






Все о погоде - Pogoda.uz