Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2017 16:10 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda yigitlar muddatli harbiy xizmatga tantanali tarzda kuzatildi

Poytaxtimizda yigitlar muddatli harbiy xizmatga tantanali tarzda kuzatildi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni kuzatish marosimlari tantanali o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan bir guruh yigitlar muddatli harbiy xizmatga tantanali tarzda kuzatildi.

Toshkent shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, bo‘lajak askarlar, ularning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz mudofaa tizimida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida harbiy xizmatga yoshlarning qiziqish va intilishi tobora ortib borayotgani, Vatan himoyachisi bo‘lish yuksak sharaf ishiga aylangani alohida ta’kidlandi.

– Bugun oilamiz uchun chinakam bayram, – deydi Sergeli tumanida yashovchi Ikrom Tojiboyev. – Ikki o‘g‘limni – Hasan va Husanni harbiy xizmatga kuzatmoqdamiz. Biz uchun tashkil etilgan tantanali tadbir kayfiyatimizni yanada ko‘tarmoqda. Men ham armiyaga borganman, lekin o‘sha vaqtlardagi yigitlarni harbiy xizmatga kuzatish bilan bugunni aslo taqqoslab bo‘lmaydi. Onamning ko‘zda yosh bilan orqamdan termulib qolgani butun xizmat davomida yuragimni o‘rtagan. Bo‘lajak askarlarning ota-onalari bugun xursandgina emas, balki qalbida mening o‘g‘lim haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘ladi, degan yuksak ishonch va faxr-iftixorni tuymoqda.

Yuz-ko‘zida Vatanga muhabbat, elu yurtga sadoqat tuyg‘ulari jo‘sh urib turgan alpkelbat yigitlar tadbirning haqiqiy qahramoniga aylandi.

– Bolalikdagi orzularimdan biri ushalayotganidan, barcha saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotganimdan xursandman, – deydi Abdumo‘min Abdurashidov. – Mamlakatimizda biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklar tufayli ezgu maqsadlarimiz ro‘yobga chiqmoqda. Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik xalqimizning eng katta boyligidir. Uni himoya qilish har bir yigitga cheksiz faxr bag‘ishlaydi.

Marosimda bo‘lajak askarlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. San’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Dilshod Karimov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
671






Все о погоде - Pogoda.uz