Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 15:36 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda "Konstitutsiya huquq va erkinligimiz kafolati" mavzuida videokonferensiya tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy targ‘ibot guruhlari a’zolari hamda malakali huquqshunoslar qatnashdi. 

Konferensiyada Bosh qomusimiz mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati ekanligi ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2017-yil 20-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi Bosh qomusimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu farmoyish bilan Konstitutsiya qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlanib, qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilab berildi. Xususan, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar hamda oliy ta’lim muassasalarida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish” kurslarini olib borayotgan professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-nazariy va amaliy seminar tashkil etish belgilangan.

Farmoyishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, Adliya organlariga yuklatilgan vazifalarni samarali tashkil etish maqsadida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarga huquqiy zamin bo‘lib xizmat qilayotgan Konstitutsiyamizning ahamiyatini hayotiy misollar bilan ochib berishga bag‘ishlangan turkum tadbirlarni tashkil etishga qaratilgan tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Ushbu dasturga muvofiq o‘tkazilgan videokonferensiyada  ham O‘zbekiston Respublikasi Yuristlar malakasini oshirish markazining professor-o‘qituvchilari Konstitutsiyaning yaratilish tarixi, uning jamiyat oldidagi o‘rni va roli haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Videkonferensiyada Konstitutsiyaning mazmun mohiyatini yoshlarga kengroq tushuntirish, Konstitutsiya saboqlarini olib borishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, o‘quvchilarni darsga jalb qilish, qiziqarli va sodda usulda Bosh qomusimizni tushuntirishga doir tavsiyalar berildi. 

Tadbirda ishtirokchilar o‘z takliflari bilan faol qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
773






Все о погоде - Pogoda.uz