O‘zA O`zbek

17.08.2018 14:21 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda investitsiya muhiti rivojlanmoqda

Poytaxtimizda investitsiya muhiti rivojlanmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Biroq sohada yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramay, joylarda kamchiliklar hamon uchramoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 15-avgustdagi “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hududda investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilishga investitsiyalarni jalb etish, rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar, kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishda muhim ahamiyatga egadir.

Farmonda quyidagi muhim vazifalar belgilab berilgan:

Toshkent shahar hokimining qarori bilan kichik sanoat zonalaridireksiyasi funksiyalari ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida xususiy boshqaruvchi tashkilotlarga beriladi.

Davlat-xususiy sheriklik shartlarida avtomobil yo‘llari bo‘ylab pullik avtomobil to‘xtash joylarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarning amalga oshirilishi aholi uchun yanada qulaylik tug‘diradi. Xususiy investorlarni jalb qilgan holda ko‘p qavatli avtomobil saqlash joylarini qurish dasturlari hayotga tatbiq etiladi. Bu sa’y-harakatlar turmushimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan har hafta investor kuni o‘tkaziladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xorijiy investorlarning investitsiya shartnomalarini tuzish, ularga yer uchastkalari ajratish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun davlat mulki obyektlarini berish bo‘yicha takliflari ko‘rib chiqiladi. Bu jarayonga tegishli ma’lumotlar Toshkent shahar hokimligining saytiga joylashtiriladi. Bu tadbirkorlar uchun yanada qulaylik yaratadi.

Shahar hokimligi biznes yuritish uchun eng maqbul shart-sharoitlar va qulay investitsiya muhitini yaratish, tumanlar kesimida Toshkent shahrining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun zarur tashkiliy tadbirlarni amalga oshiradi. Tumanlar hokimliklari tomonidan hududlarda mavjud imkoniyat va sharoitlarni aks ettiruvchi investitsiya pasportlari yaratiladi.

Qabul qilingan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda xususiy mulk va tadbirkorlikning yanada rivojlanishi, chet el investitsiyalarining keng jalb qilinishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarga chiqishiga xizmat qiladi.

Shamsiddin Qosimov,
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar
harakati – O‘zbekiston
Liberal-demokratik partiyasi
Uchtepa tumani kengashi raisi

O`zA
2 219