O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Poytaxtga yana nimalardir yetishmayotgandek. ..

Poytaxtga yana nimalardir yetishmayotgandek. ..

Azim Toshkent keyingi yillarda chindan-da koʻrkamlashib bormoqda. U haqiqatdan ham jahon standartlaridagi kentga aylanib bormoqda. Yaxshi ishlarni aholi qoʻllab-quvvatlamoqda. Ammo nazarimizda poytaxtga yana nimalardir yetishmayotgandek. Aslida oʻsha yetishmayotgan narsa ilgari bor edi. Bu 1969-yildan buyuk mutafakkir Muhammad Xorazmiy nomi bilan yuritilib kelinayotgan, mashhur 16, 18,19, 20-mavzelar, Xayriobod Eshon maqbarasi, “Botirma”, “Mehrjon”, “Kichik Hirmontepa” mahallalari joylashgan yerdagi katta maydonda Al-Xorazmiy dahasining boshlanishida qad rostlagan Abu Jaʼfar (Abu Abdulloh) Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783-850)ning ulugʻvor haykalidir. 1980-1991-yillarda “Algoritm” OAJ qurilishi munosabati bilan unga yaqin boʻlgan hududda turar joy binolari barpo etildi. 

Shu tariqa bu yerda mashhur Algoritm dahasi va unga mos haykal bunyod etildi. Ammo nima boʻldi-yu, bu yerdagi haykal keyinchalik olib tashlandi. Maydon ham gʻarib boʻlib qoldi. Toʻgʻri, Al- Xorazmiy nomi keyinchalik Toshkentdagi Axborot texnologiyalari universitetiga va litseyga berildi. Lekin ommaviyligi borasida eski haykalning oʻrni va maydoni boshqacha edi. Shuni qayta tiklasak, yoʻqotgan qadriyatimizni topgan boʻlamiz, deb oʻylayman.

Maʼlumki, Muhammad ibn Muso al- Xorazmiy hindiy raqamlar asosida hamma uchun qulay boʻlgan hozirgi raqamlarni ishlatishni yoʻlga qoʻydi. Hammaga hisoblashni oʻrgatdi. Oʻnli raqamlar tizimiga asos solinib, dunyo matematikasida tub burilish qildi. Muhammad ibn Muso al- Xorazmiy yozgan kitoblarining eng mashhurlaridan “Al-jabr val-muqobala” boʻlib algebra soʻzi “al-jabr”ning yevropalashgan talaffuzidir. Bu kitob oʻrta asrlarda lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropada, keyinchalik butun dunyoda darslik vazifasini oʻtadi.

Muhammad ibn Muso al- Xorazmiyning hisob usullarini jamlash, taqsimlash, koʻpaytirish, boʻlish va kasr chiqarish kabi hisob ilmini bayon qiluvchi boshqa bir kitobi oʻn ikkinchi asrda ispan va lotin tillariga tarjima qilingan. 1143-yilda nemis tiliga tarjima qilingan. Shundan boshlab olmonlar Muhammad ibn Muso al- Xorazmiyni Algorezimus deb atay boshlashgan. Lotin tilida u kishi sharafiga sheʼrlar bitishgan. Olimning boshqa kitoblari ham Yevropa tillariga tarjima qilingan.

Manbalardan birida germaniyalik olima Zigred Xunke xonim (Sigrid Hunke,1913-1999) Muhammad ibn Muso al- Xorazmiy haqida shunday yozadi: ” Muhammad ibn Muso al- Xorazmiy Gʻarbga faqat adadlarni va hisobnigina oʻrgatib qolmadi, balki turli matematik masalalarni yechishni ham oʻrgatdi. Hozirgacha algoritm hisob qoidasi uning nomi bilan ataladi. Uning Ispaniya, Olmoniya va Angliyadagi hisob uslubini tarqatish uchun kurash olib borgan tarafdorlari xorazmiylar (“algorizimiker”) nomi bilan ataladilar”.

Keyin Xunke xonim: ”Lekin tarixning zehni past boʻlar ekan. Oʻn uchinchi asrga kelib,odamlar “algoritm” soʻzining aslini unutib qoʻydilar”, deb yozdi. Yevropadagi uzundan-uzoq tortishuvlardan keyin 1845-yili mashhur fransuz olimi Reno bu soʻz asli Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy ekanligini isbotlab masalani uzil- kesil hal etdi.

Bu fikrlar endi matbuotda yoritilyapti. Ungacha Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy haqida umumiy gaplar berilar edi, xolos. Agar biz butun dunyo tan olgan vatandoshimiz fan va sivilizatsiya oldidagi xizmatlarini tan olib unga munosib boʻlib, Toshkentdagi asli joyidagi maydoni obod qilsak va salobatli haykalni tiklasak, pedagog-matematiklar va avlodlar uchun bu ayni muddao boʻlar edi. Muhammad ibn Muso al- Xorazmiy bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Baxtiyor Karimov,
Oʻzbekiston Respublikasi
xalq oʻqituvchisi

16 933
O'zA