Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.01.2018 13:50 Chop etish versiyasi

Poytaxt yoshlari harbiy qismda bo‘ldi

Prezidentimizning 2017-yil 7-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Bayram arafasida poytaxt yoshlari harbiy qismlardan birida bo‘lib, Vatan himoyachilarining hayoti bilan tanishdi.

Yigit-qizlar uchun milliy armiyamizda qo‘llanilayotgan qurol-aslahalar namunalari namoyish etildi. Yoshlar bronejilet, dubulg‘alarni kiyib ko‘rib, durbindan atrofni kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Kapitan Mirkomil Toshqulov yosh mehmonlarga harbiylar hayoti va xizmati haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Harbiy qism oshxonasida oziq-ovqat xizmati rahbari, katta leytenant Mahmud Ortiqov ham yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

– Bugun tengqurlarimiz bilan armiya hayoti haqidagi tasavvurlarimiz yanada boyidi, – deydi Toshkent transport kasb-hunar kollejining 3-bosqich talabasi Andrey Min. – Masalan, harbiy xizmatchilarning oziq-ovqat ta’minotida autsorsing tizimi joriy etilganini bilib oldik.

Yoshlarda, shuningdek, komputerdan o‘q otish trenajerlari xonasi katta qiziqish uyg‘otdi. Harbiy qism qo‘mondonining trenajerlarda ijobiy baho olgan harbiy xizmatchilargagina poligonlarda bo‘lib o‘tadigan jangovar otishmalarda qatnashishga ruxsat berilishi mumkin, degan so‘zlari yoshlarda ijobiy taassurot qoldirdi. Chunki bu xalq mablag‘ini tejash imkonini beradi.

Mehmonlar davlatimiz rahbarining 2017-yil yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bilan bog‘liq yana bir voqeaning guvohi bo‘ldi. Harbiy qismda bo‘lib o‘tgan ta’sis majlisida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotini tuzish haqida qaror qabul qilindi va uning yetakchisi saylandi. Saylovda Ilhom Po‘latov, G‘anisher Ismoilov va Farrux Shokirov singari ofitserlarning nomzodlari taklif etildi. Ovoz berish natijasiga ko‘ra, kapitan F.Shokirov Yoshlar ittifoqining harbiy qismdagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi etib saylandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Mirobod tumani kengashi raisi Saidrasul Saidxonov yoshlar tashkilotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi, kelajakdagi rejalar bilan o‘rtoqlashdi.

– Harbiy qismda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining tuzilgani muhim voqea bo‘ldi, – deydi Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidan chaqirilgan oddiy askar Qurbonali Shermatov. – Bu har birimizni harbiy jamoaning jamoat hayotida faol qatnashishga undaydi.

Ablay Kamolov, O‘zA
7 918