O‘zA O`zbek

08.08.2018 15:35 Chop etish versiyasi

Poyezdlar qatnovi qayta tiklandi

Poyezdlar qatnovi qayta tiklandi
Jizzax va Gagarin shaharlari o‘rtasida yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgani Jizzax viloyatining Mirzacho‘l, Do‘stlik, Paxtakor va Arnasoy tumanlari aholisi uchun yanada qulaylik yaratdi.

162 yo‘lovchini sig‘dirish imkoniyatiga ega ikkita vagondan iborat poyezd har kuni soat 19:00 da Jizzax shahridan yo‘lga chiqib, soat 21:10 da Gagarin shahriga yetib kelmoqda. Ertalab soat 6:00 da Gagarin shahridan chiqqan poyezd soat 8:10 da viloyat markazida bo‘ladi.

Ancha yillardan buyon, O‘zbekiston temir yo‘llarining qo‘shni Qozog‘iston hududi orqali o‘tadigan qismida poyezdlar qatnovi to‘xtatilgach, Jizzax shahridan Gagarin shahrigacha bo‘lgan temir yo‘ldan foydalanilmay kelinayotgan edi. Ushbu yo‘nalishda poyezd qatnovining tiklanishi yuk va yo‘lovchi tashishda birdek qulaylik yaratdi.

– Ilgari 18 yil davomida Jizzaxga poyezdda qatnab ishlaganman, – deydi Mirzacho‘l tumani Toshkent mahallasida yashovchi Kamoliddin Qodirov. – Poyezd qatnovi to‘xtatilgach, viloyat markaziga borib qaytish qiyin bo‘lib qoldi. Avtobus yoki taksida qatnash qimmatlik qildi. Poyezd qatnovi yana yo‘lga qo‘yilgani cho‘l hududidagi tumanlardan viloyat markaziga qatnab ishlaydiganlar, kundalik yumush bilan kelib-ketuvchilar uchun juda katta qulaylik bo‘ldi. Mamlakatimizda xalq manfaatini ko‘zlab amalga oshirilayotgan bunday ishlardan behad mamnunmiz.

Chipta narxi ham arzon: Jizzax – Mirzacho‘l 3 ming 500 so‘m, Jizzax – Do‘stlik 3 ming 500 so‘m, Mirzacho‘l – Paxtakor 2 ming. Qatnov belgilangan jadval asosida muntazam amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda poyezd Jizzax shahridan Mirzacho‘l tumani markaziga 2 soatu 15 daqiqada yetib boradi. Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlari oralig‘idagi temir yo‘l ta’mirlangach esa bu vaqt yanada qisqaradi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 353