O‘zA O`zbek

28.08.2018 16:20 Chop etish versiyasi

Poraxoʻrlikka chek qoʻyiladi

Poraxoʻrlikka chek qoʻyiladi Poraxoʻrlik qanday koʻrinishda boʻlmasin, jamiyat ravnaqiga salbiy taʻsir koʻrsatuvchi omildir. Ayniqsa, xodimni salohiyatiga qarab emas, bergan puli evaziga ishga qabul qilish illati har qanday sohani inqirozga boshlashi turgan gap.

Afsuski oramizda ana shu illatni “kasb” qilib olgan yulgʻichlar hamon uchrab turibdi. Lekin bunday holatlarga aholining murosasizligi ortgani tufayli poraxoʻrlar qoʻlga olinmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda yana bir porxoʻr fosh etildi. Taxiatosh tumani xalq taʻlimi boʻlimi boshligʻi vazifasini bajaruvchi M. fuqaro P.ni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Taxiatosh tumanidagi 1-umumtaʻlim maktabga oʻqituvchi lavozimiga ishga kiritib qoʻyishi evaziga undan 200 dollarni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Departamentning Fargʻona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A. va B. fuqarolar Sh. va M.larni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali davlat bojxona qoʻmitasi Fargʻona viloyati boshqarmasiga ishga kiritib qoʻyish evaziga ulardan firibgarlik yoʻli bilan 4 ming 800 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga koʻra, mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Har birimiz ana shunday hushyor boʻlib, poraxoʻrlarni fosh etishga hissa qoʻshsak, poraxoʻrlikka chek qoʻyiladi.

Norgul Abduraimova, OʻzA
1 583