O‘zA O`zbek

16.08.2018 17:15 Chop etish versiyasi

Porani bergan ham olgan ham jinoyatchi

Porani bergan ham olgan ham jinoyatchi O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi tomonidan “Biz korrupsiyaga qarshimiz” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

“Korrupsiya – mamlakat taraqqiyotiga tahdid” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda deputatlar va tegishli tashkilotlarning mutaxassislari ishtirok etdi.

2017 yil 4 yanvardan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgani korrupsiyaga barham berish uchun barcha asoslarni yaratib berdi. Mazkur qonun ijrosini to‘liq ta’minlash uchun 2017 yil 2 fevralda Prezidentning “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori ham qabul qilingan.

Tadbirda mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyati va uning amaldagi ijrosi, joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida partiyalarning o‘rni, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni kamaytirishda fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishning ahamiyatiga keng e’tibor qaratildi.

Soha vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan shaxslarga to‘sqinlik qilish kabi korrupsion holatlarni aniqlash, ularni bartaraf etish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahar prokuraturasi tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida 64 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 61 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shundan 50 nafar shaxsga nisbatan 46 ta jinoyat ishlari sudlarga yuborilgan.

Partiyaning Toshkent shahar kengashi tomonidan bu illatning oldini olish maqsadida “Birgalikda huquqiy madaniyat sari”, “Inson huquq va erkinliklari – oliy qadriyat” loyihalari doirasida aholi orasida qator uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.

Bu kabi tadbirlar fuqarolarning o‘z haq-huquqlarini to‘g‘ri va to‘liq anglashi, manfaatlarini himoya etishda korrupsiyaga bosh qo‘shmaslik va ushbu jinoyatga sherik bo‘lib qolmasligiga xizmat qiladi.

Barno Meliqulova, O‘zA
2 398