O‘zA O`zbek

03.08.2018 09:08 Chop etish versiyasi

Pora berganning ikki yuzi qora...

Pora berganning ikki yuzi qora...
Guliston davlat universitetining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori, falsafa fanlari nomzodi, Ravshanbek Mahmudov O‘zA muxbiri A.Qayumovga bu yil imtihonlar adolatli va shaffof o‘tishiga ishonishi, nafsning quliga aylanib, qing‘ir yo‘llardan yurishning oxiri voy ekanligi haqida o‘z mulohazalarini so‘zlab berdi.

– Afsuski, o‘tgan yillarda test sinovlari orqali oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda bir qator kamchiliklar bor edi. Bu test sinovlarini o‘tkazish tartib-qoidalari, test sinovlari natijalarini e’lon qilish jarayonlarida ko‘proq sezilar edi. Bu hol ko‘pchilikning, ayniqsa, ota-onalarning test sinovlarini o‘tkazish jarayonlari bilan bog‘liq haqli e’tirozlariga sabab bo‘lardi. Bu tizim joriy yildan boshlab talab va takliflar asosida qayta ko‘rib chiqildi. Jarayonda adolat va shaffoflikni ta’minlash, faqat munosiblarni saralab olish borasida juda katta ishlar qilindi. Buni bugun barchamiz ko‘rib, asl holatning ichida qatnashib, bilib turibmiz. Bu yil test sinovlari belgilangan talablar asosida o‘tishi ta’minlanadi.

Sohaga yangiliklarning tatbiq etilmagani, zamon talabiga mos ravishda bosqichma-bosqich takomillashtirib borilmagani oqibatida test sinovlari bilan bog‘liq salbiy holatlar yuzaga kelgani rost. Poraxo‘rlik holatlari ham uchraganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Poraxo‘rlik bu juda yomon illat, bu yomonliklarning onasidir. Haromdan hazar qilmaydigan kimsalarda iymon ham, vijdon ham, oriyat ham bo‘lmaydi. Afsus bilan aytish kerakki, ayrim kishilar pora olishdan, pora berishdan, birovning haqini yeyishdan sira qo‘rqmaydi. Haromdan topilgan pulining oqibatini, oxiratini o‘ylamay farzandlariga beradi. Va eng yomoni buni oddiy, odatiy hol deb biladi.

Xalqimizda, “Pora olganning bir yuzi qora, pora berganning ikki yuzi”, degan maqol bor. Demak faqat pora olgan kimsa emas, pora bergan kimsa ham ikki hissa gunohkor bo‘ladi. Amaldagi qonunlarimizda ham har ikkalasi javobgar ekani aytiladi

Oilada to‘g‘ri tarbiya ko‘rgan, oq-qorani anglagan farzand bunday illatlardan nafaqat uzoq yuradi, balki unga qarshi kurashadi. Xalqimizda ota-ona farzand uchun andoza, degan naql bor. O‘zlari nafs quliga aylanib qolganlarning farzandlari ham shu yo‘ldan borishi ehtimoldan xoli emas.

– Suhbatimiz, nazarimda, nafs mavzusiga o‘tyapti. Nafs – bu o‘zi nima? 

– O‘z nafsini jilovlay olgan inson dono, aqlli va baxtlidir deyishadi. Insonga Alloh shunday kuch ato etganki, u nafsini jilovlay olish qudratiga ega. Shunga irodasi yetmadimi, nafs uning boshini egishga majbur qiladi. Pastga qaradimi, demak uning nafsi bu insonning yuzini yerga qaratadi, deganidir.

Inson, ayniqsa yoshlar tarbiyasida nafs juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu noodatiy emas, balki juda muhim va juda dolzarb mavzu. Va buni har bir ustoz har saboqda, har mavzuda yoshlarimizga bot-bot tushuntirib borishi, tushuntira bilishi lozim va shart.

Odam qorni bir kosa ovqat, bir to‘g‘ram non, bir-ikki piyola choyga to‘yadi. Afsuski, uning ko‘zi to‘ymaydi. Nafs insonni insoniyligidan ayiradi, obro‘-e’tiborini yer bilan yakson qiladi.

Nafs – uni boshqara olmaydigan insonlar boshiga ko‘p kulfatlar soladi, nafsga berilish, ochko‘zlik, shaxsiy manfaatparastlik jamiyatimizning sog‘lom hayotini ichidan yemiradigan illatlardir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam: “Hamr – ya’ni aqlni oladigan har bir narsa yomonlikning onasidir”, deganlar. Boylik, pul, mablag‘, mansab insong

a yoqadigan to‘g‘ri yo‘lidan adashtiradigan o‘zini tuta olmaydigan aqlini oladigan, shoshiradigan narsalardir. Nafsiga qul bo‘lgan insonlar o‘z mansablarini, nasablarini unutib “yomonliklar onasi”ga farzand bo‘lib qolmoqdalar. Inson – so‘zi xato qiluvchi, adashuvchi degani. Lekin oliy mavjudot bo‘lgan inson adashmasligi xato qilmasligi uchun unga aql idrok, farosat berilgan. Aqliga bo‘ysunmay nafsiga quloq solgan kishi xor bo‘ladi.

– “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da nafsga shunday ta’rif beriladi: Nafs – arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, “Yeyish-ichishga, mol-dunyoga bo‘lgan ehtiros. Nafs bandasi – nafsidan boshqani o‘ylamaydigan. Nafsi buzuq – ovqatdan sira qaytmaydigan, nafsini tiya olmaydigan kimsalarga nisbatan ishlatiladi. Nafsi o‘lik, deganing ma’nosi – nafsini tiya oladigan, har narsaga suq bilan qarayvermaydiganlarga nisbatan aytiladi. Nafsiga o‘t tushdi - nafsi haddan tashqari avj oldi, nafsi hakalak otdi. Nafs – shahvoniy hirs ma’nolarida ham keladi.

Uzoq tarixga, milliy qadriyatlariga ega xalqimiz nafs haqida falsafiy ma’no-mazmunga ega bo‘lgan ko‘plab maqollar yaratgan. “Ko‘zing og‘risa qo‘lingni tiy, diling og‘risa tilingni tiy, qorning og‘risa nafsingni tiy”, “Mening nafsim balodur, yongan o‘tga soladir”, “Nafsi yomon hayitda o‘lar” kabi maqollarimiz hech bir zamon va makonda eskirib qolmaydi. Toki bular xalqimizni o‘lmas durdonalaridir. Bu maqollar hech qachon ahamiyatini yo‘qotmaydi.

– O‘z navbatida ulug‘ mutafakkirlarimiz badnafslik, poraxo‘rlik kabi illatlar xususida ham ko‘p yaxshi fikrlarni aytib insonlarni ogohlikka, halollikka, poklikka chorlagan.

– Ta’kidingiz juda to‘g‘ri va o‘rinli. Hazrat Abu Rayhon Beruniy nafs haqda shunday yozadi: “Insonga eng yaqin narsa uning nafsidir. Shu nafs, eng avvalo, o‘ziga yaxshilik qilishga, keyin esa o‘zi roziligi bilan tevaragidagi eng yaqinlariga yaxshilik qilishga intilishi kerak. U tashqi ko‘rinish, yasama shuhrat, sun’iy obro‘ uchun muruvvat va futuvvat ko‘rsatmasin”.

Islom olamining buyuk zotlaridan Bahouddin Naqshbandiy hazratlari: “Hoyu havas va nafs ahllari tutgan ishlar asosining barchasi zalolat (adashuv) dan iboratdir” deb yozib qoldirgan.

Mahmud Zamahshariy: “Kimki o‘z nafsi - balosi-yu orzu-havasi domiga tushib qolsa, u beshak o‘zini o‘zi chuqur qa’riga tashlagani muqarrar”.

Ahmad Yassaviy yozadilar: “Nafsim meni yo‘ldan urib xor ayladi, Termulturib xaloyiqqa zor ayladi...”

Ulug‘larimizning yuqoridagi hikmatli gaplarini barchamiz hayotimizning shiori qilib olishimiz kerak.

Bugun munosabatlar o‘zgardi, yashash tarzimiz ham kundan-kunga yaxshilanmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalarda izchil islohotlar amalga oshirilayotir. Biz insonlar ham o‘z ongimizni isloh qilishimiz, o‘zgarishimiz vaqti kelmadimikan?

Bugun muhimi, odamlar befarq emas. Davlat rahbarining tashabbuslari mohiyatini tushunishga, ularga kamarbasta bo‘lishga harakat qilyapti. Buni joylarda jamoatchilik nazoratining kuchayayotganida ham ko‘rish mumkin.

So‘zimiz boshida tilga olganimiz oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini adolatli, xolis va shaffof o‘tkazishiga ishonamiz. Buning uchun, yoshlarimiz kelajagi uchun har birimiz mas’ul ekanimizni unutmasak bo‘lgani.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
4 473