O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

“Polvon yiqilsa, magʻlub boʻldi, deb ovoza qilinmagan” — oʻzbekning milliy sporti kurash haqida

“Polvon yiqilsa, magʻlub boʻldi, deb ovoza qilinmagan” — oʻzbekning milliy sporti kurash haqida

Avvalo, “kurash hadisi” toʻgʻrisida soʻz ketganda, uni toʻliq anglamoq lozim. Oʻzbek tili izohli lugʻatining ikkinchi tomida shunday yozilgan: “Hadis — Muhammad sallallohu alayhi vasallam(paygʻambar)dan qolgan gap-soʻz hamda paygʻambar haqidagi rivoyatlar va hikoyalar”.

Nima sababdan aynan “kurash hadisi” atamasining ishlatilishi va uni teranroq tushunmoq uchun bir qancha diniy ulamolar va olimlarning asarlariga murojaat qilishimizga toʻgʻri keldi. Ularning taʼkidlashicha, “hadis” haqiqatan ham paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v)dan qolgan gap-soʻzlar hamda paygʻambar (s.a.v.) haqidagi rivoyatlar, hikoyalardir.

Kurash hadisi haqida soʻz ketganda, uni “kurash ilmi” deb qaragan maʼqul. Shuningdek, uni har doim “kurash ilmi” atamasi bilan yozish, aytish, tushuntirish har tomonlama maqsadga muvofiq. Chunki, u har doim ilmiy nuqtayi nazardan oʻzgarib, toʻldirilib borilishi mumkin.

“Kurash ilmi”ga doir kitoblar turkiy mamlakatlar, ayniqsa Oʻzbekistonda bir necha asrlar mobaynida mavjud boʻlgan. Dastavval u arab imlosida yozilib, bizgacha toʻla kitob holida yetib kelmagan. Tadqiqotlar tufayli kurash ilmi haqida nuroniy pahlavonlarning hikoyalariga asoslanib bir qancha maʼlumot yigʻishimizga toʻgʻri keldi.

Ularning aytishicha, zoʻriqish belga borib taqaladigan, bir qancha yoʻnalishlarni oʻzida mujassam qilgan, amallarga tayanib raqibning yelkasini yerga tekkizish – kurash deyiladi.

Kurash qoidasiga esa shunday izoh beradilar: “Ushbu qoidada oldindan belbogʻ ushlashmay tashlanish, raqib belbogʻidan bir qoʻl bilan ushlab yoki ikki qoʻl bilan ushlab, uni chalib va chalmay amal bajarish hamda beldan quchoqlab, jismoniy kuch ishlatib, koʻtarib tashlash – bu kurash”.

Ana shu maqsadga erishish uchun har qanday raqibga jismoniy kuch ishlatish paytidagi harakat – bu olishdir, deb taʼkidlaydi.

Shuningdek, zoʻriqish belga taqalgan kurashlarning barchasini bel olish kurash deb aytishadi va unga quyidagicha izoh berishadi:

a) amalni bajarish bel orqali boʻlib, belbogʻni ikki qoʻl bilan ushlab, qoʻlni qoʻyib yubormay chalib yoki chalmay amallar qoʻllash – bu bel olish kurashi;

b) amalni bajarish bel orqali boʻlib, belbogʻni ikki qoʻl bilan ushlab, qoʻlni qoʻyib yubormay koʻtarib chalmay amallarini qoʻllash – bu bel olish kurashi;

v) amal bajarish bel orqali boʻlib, belbogʻni ikki qoʻl bilan ushlab, soʻng bir qoʻlni qoʻyib yuborib bir qoʻl panja bilan belbogʻ ushlab chalib yoki chalmay amallarni qoʻllash – bu bel olish kurashi deyiladi.

Biz taʼkidlayotgan kurash ilmi kitobida umuman kurash xaqida soʻz borib, uning har bir turiga alohida toʻxtalib oʻtiladi. Quyida ushbu qoʻllanmadagi bel olish kurash haqida soʻz yuritamiz, unda axloq, odob, tarbiya, badanni chiniqtirish, pahlavonlarning oʻzini qanday tutishi, kuchsizlarga koʻmak berish hamda bel olish kurashidagi amallar va unga doir bir qancha ilmiy qarashlarni bayon qilamiz.

Keksa pahlavonlarimiz esa ozmi-koʻpmi ularga amal qilishgan. Bel olish kurash davralarida pahlavonlar odob saqlab jim oʻtirishgan, sayil davralarida ularni oʻrtaga bel olishga taklif qilishmaguncha, oʻzlari birov bilan kurashaman, deb oʻrtaga chiqmagan. Pahlavonlar odob yuzasidan hech qachon koʻpchilik oldida yalangʻoch badanini koʻrsatmagan.

Bel olish kurashida polvon gʻalaba qozonganidan keyin navbatda turgan pahlavonlar bilan birin-ketin, to magʻlubiyatga uchramaguncha bel olishgan. Basharti u bel olishni ixtiyor etmasa, uning raqibi bel olishni davom ettirgan, shu saylda boshqa pahlavonlar bilan yana uchrashish huquqidan mahrum etilgan.

Agarda bir tarafdagi pahlavonlarning hammasini magʻlub etsa, unga bir nechta tomondan talab tushsa, kim bilan bel olishishni oʻzi hal qilgan. Lekin magʻlubiyatga uchradi, deb ovoza qilinmagan. Pahlavonlar yiqitgan raqibining oʻrnidan turib olishiga koʻmak berishgan. Pahlavonlar bel olish kurashi amallarini puxta egallashlari uchun shogirdlikka tushib, tarbiya koʻrgan. Pahlavonlarga bel olish kurashi amallarini oʻrgatishdan tashqari, ularni jismoniy mashqlar, ahloq-odob va boshqa bir qancha yoʻnalishlar boʻyicha tarbiyalashgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

1 995
OʻzA