O‘zA O`zbek

13.07.2020 Chop etish versiyasi

Polshada prezident saylovi nihoyasiga yetdi

Polshada prezident saylovi nihoyasiga yetdi

Ikkinchi muddatga nomzodini qoʻygan Polshaning amaldagi prezidenti Anjey Duda ikkinchi turda gʻalabaga erishdi. Dushanba kuni Davlat saylov komissiyasi byulletenlarning 99,97 foiziga ishlov bergandan keyin, eng koʻp ovoz Duda nomzodi uchun berilganini eʼlon qildi.

Davlat saylov komissiyasining rahbari Silvestr Marchinyak matbuot anjumanida Duda nomzodi uchun saylovchilarning 51,21 foizi ovoz berganini maʼlum qildi. Uning raqibi Varshava meri Rafal Tshaskovsk nomzodini 48,79 foiz saylovchilar maʼqullashgan.

Marchinyakning taʼkidlashicha, hozir saylovning yakuniy natijasini rasman eʼlon qilish mumkin emas, chunki yana bir nechta saylov okruglaridan, jumladan xorijdagilardan yakuniy protokollar kelgani yoʻq. “Lekin ular saylovning yakuniy natijalarini oʻzgartiradigan darajada katta raqamlar emas”, - dedi u.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, saylov uchastkalariga ovoz beruvchilarning 68,12 foizi kelgan. «Pandemiya va taʼtil mavsumiga qaramay, ovoz berishda ishtirok etganlar soni birinchi turdagidan (28-iyunda 64,51 foiz saylovchilar qatnashgan edi) koʻra koʻp boʻldi. Bu XXI asrdagi prezident saylovida kuzatilgan rekord koʻrsatkichdir", - dedi Marchinyak.

Xabarda taʼkidlanishicha, saylovning yakuniy natijasi rasman dushanba kuni kechga borib yoki seshanba kuni ertalab eʼlon qilinadi.

1 431
OʻzA