O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Polkovnik Dilshod Choriyev Qozogʻiston harbiy delegatsiyasini kutib oldi

Polkovnik Dilshod Choriyev Qozogʻiston harbiy delegatsiyasini kutib oldi

Shu kunlarda Oʻzbekistonga Qozogʻiston Respublikasi “Janub” Regional qoʻmondonligi qoʻmondoni general-mayor Kaydar Karakulov rahbarligidagi harbiy delegatsiya rasmiy tashrif bilan kelgan.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Dilshod Choriyev Qozogʻiston harbiy delegatsiyasini qabul qildi. Suhbat davomida mudofaa sohasida oʻzbek-qozoq hamkorligining istiqbollari muhokama qilinib, harbiy yoʻnalishda oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha fikrlar almashildi.

Polkovnik Dilshod Choriyev mehmonlarni harbiy okrugning funksiya va vazifalari bilan tanishtirib, ularga Mudofaa vazirligi uchun harbiy mutaxassislarni tayyorlash tizimi hamda okrug harbiy xizmatchilarining respublika va xalqaro harbiy musobaqalardagi yutuqlari haqida aytib oʻtdi. Suhbat davomida Oʻzbekiston tomonidan Qozogʻiston harbiylari bilan kelgusida hamkorlikdagi harbiy mashgʻulotlarni oʻtkazish, harbiy sanʼat mutaxassislari bilan treninglar va boshqa tadbirlarni tashkil etish boʻyicha takliflar berildi.

Rasmiy yigʻilishdan keyin mehmonlar Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida harbiy xizmatchilarning mini-poligonidagi amaliy mashgʻulotlari, xizmat otlarini minishni oʻrgatish boʻyicha mashqlar koʻrsatildi. “Janub” Regional qoʻmondonligi qoʻmondoni tomonidan zotdor otlar eʼtirof etildi. Harbiy qismlarning infratuzilmasi hamda oʻquv- moddiy baza Qozogʻiston harbiy delegatsiyasida taassurot qoldirdi.

I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat muzeyi hamda Xivadagi betakror eski shahar – Ichan-qalʼa boʻylab sayohat qozogʻistonlik mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

1 440
OʻzA