O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Pokistonda Namangan savdo uylari ish boshlaydi

Pokistonda Namangan savdo uylari ish boshlaydi

Bu borada o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv joriy yilning 7 noyabrida Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda Pokistonning “Najeb Consultants Pvt” kompaniyasi rahbari Najib Mushrak Voxra tomonidan imzolandi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, Pokistonning Karachi, Lahor, Peshovar va Multon shaharlarida Namangan savdo uylari ochiladi. “Najeb Consultants Pvt” kompaniyasi bilan hamkorlikda ochiladigan bu savdo ofislarida Namangan viloyatida ishlab chiqarilgan tekstil va boshqa yengil sanoat mahsulotlari hamda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotiladi.

“O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikning mazkur shakli ikki tomonlama manfaatli bo‘ladi. Zero, hozirgacha O‘zbekiston mahsulotlarini Afg‘oniston orqali Pokistonga sotilishini yo‘lga qo‘yganmiz. Pokistonda Namangan savdo uylarining ochilishi savdo aloqalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishning samarali vositasi sifatida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi eksport-import amaliyotlarini kengayishiga xizmat qiladi, deydi Najib Mushrak Voxra.

Uchrashuvda viloyat hokimi tomonidan Pokiston shaharlarida ochilayotgan Namangan savdo uylari bilan bir qatorda viloyatning Pop tumanida yirik logistika markazini tashkil etish taklifi bildirildi. Nafaqat Namangan, balki vodiyning boshqa viloyatlaridan ham mahsulotlarni yig‘ish va qadoqlash uchun qulaylik yaratish imkoniyatini beradigan loyiha to‘g‘risidagi bu taklif ham pokistonlik ishbilarmonda katta qiziqish uyg‘otdi.

478
Akromjon SATTOROV, Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA