Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 20:15 Chop etish versiyasi

Plastik kartadagi pulni naqdlashtirib bermoqchi bo‘lgan firibgar sud qilindi

Inson baxtli hayot kechirish, elu xalqning duosini olish, o‘zidan yaxshi nom qoldirishni maqsad qilib yashaydi. Lekin bu kabi tushunchalarga panja orasidan qaraydiganlar ham topiladi oramizda. Ular mehnatsiz pul topishga, mashaqqatsiz hunar qilishga odatlangan kishilardir.

Asli xorazmlik Maqsad Allayorov ham begonalar bilan tez do‘stlashib, odamlar qalbiga yo‘l topa olardi. Mabodo u tadbirkor bo‘lganda, ijobiy natijalarga ega bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin Maqsad boshqa yo‘lni tanladi. U o‘zidagi ishontirish san’atini kimlarnidir aldashga, kimlarnidir chuv tushirishga sarfladi. Shuning uchun ham 26 yoshli yigit besh marta jinoyat sodir etishga ulgurdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi binosidagi ochiq sud majlisida uning plastik kartadagi pulni naqdlashtirib berishdagi jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sudda ma’lum qilinishicha, Yunusobod tumani, 14-mavze, 52-uy, 36-xonadonda istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan M.Allayorov o‘tgan yil iyul oyida “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i orqali toshkentlik Sadoqat Daminova bilan tanishib qoladi. M.Allayorov unga o‘zini Shohrux deb tanishtiradi va plastik kartadagi mablag‘ni o‘n olti foizga naqd qilib berishi mumkinligini aytadi. Soxta va’daga ishongan S.Daminova o‘n to‘rt million so‘mi bo‘lgan plastik kartani "Shohrux”ga topshiradi.

Firibgar M.Allayorov S.Daminovaning ishonchiga kirish uchun dastlab 4,5 million so‘m miqdordagi pulni naqdlashtirib beradi va ular birgalikda S.Daminovaning opasiga pulni vaqtincha omonat sifatida topshiradi. Biroq ertasi kuni M.Allayorov shoshilinch ravishda ushbu mablag‘ni unga qaytarib berib turishni, kartochkadagi pullarni to‘la naqdlashtirgach, hammasini butun qilib berishini aytadi. S.Daminovaning opasi singlisining ishonchli tanishiga hech ikkilanmay pulni tutqazadi. M.Allayorov esa barcha pulni o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi.

Sudlanuvchi M.Allayorovning aybi surishtiruv jarayonida to‘plangan tushuntirish xatlari, yuzlashtirish bayonnomalari va boshqa obyektiv dalillar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudi hukmiga ko‘ra, M.Allayorov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

M.Allayorovdan jabrlanuvchi S.Daminova foydasiga jinoyat natijasida yetkazilgan o‘n to‘rt million so‘m moddiy zarar undirilishi tayinlandi.

M.Allayorovga nisbatan joriy yil boshida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tumani sudining 2017-yil 1-fevraldagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismining “b” bandi qo‘llangan. U takroran jinoyat sodir etishda aybdor deb topilib, Jinoyat kodeksi 59-moddasining 8-qismi, 61-moddasiga asosan bir yilu to‘rt oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Keyinchalik jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Piskent tumani sudining 2017-yil 7-fevraldagi ajrimiga ko‘ra, Jinoyat kodeksi 74-moddasiga asosan jazo muddati ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Mazkur jazo ham oxiriga yetmay, M.Allayorov navbatdagi jinoyatga qo‘l urgan. Shu sabab o‘talmay qolgan jazo muddati yangi jazoga qo‘shildi va M.Allayorov ikki yilu bir oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Yana bir holat...

Xatolardan xulosa qilib yashash insonni yaxshilikka yetaklaydi, deyishadi. Lekin toshkentlik Abdushukur Nurmatov ilgari jinoyat sodir etganiga qaramay, xatolaridan xulosa chiqarmadi. Uning qing‘ir yo‘ldagi qadami navbatdagi jinoyatidan keyin to‘xtatildi.

Toshkent shahar, Mirobod tumani, Vodil 3-tor ko‘chasi, 13-uy, 4-xonadonda istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan A.Nurmatov shu yil 6-iyul kuni tungi soat 03.00 atrofida Chilonzor tumani hududida “Neksiya” rusumli avtomashina eshigini buzib, qimmatbaho buyumlar izlayotganda avtomashina haydovchisi tomonidan tutib olindi.

Uning aybi jinoyat ishida to‘plangan jabrlanuvchilarning tushuntirish xatlari, voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, ekspertiza xulosasi hamda ish materiallarida mavjud boshqa obyektiv dalillar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi.

Sud A.Nurmatovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-moddasiga asoslanib, jinoyat sodir etishga suiqasd qilish, 169-moddasi 3-qismining “a” bandiga ko‘ra esa jinoyatni takroran sodir etganlikda aybdor, deb topdi va bir yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Davron Sunnatov, O‘zA
917






Все о погоде - Pogoda.uz