O‘zA O`zbek

05.09.2018 16:39 Chop etish versiyasi

Piyoz oʻn barobar qimmat

Piyoz oʻn barobar qimmat Bugun Latviyaning Riga shahrida “Riga Food-2018” 23-xalqaro oziq-ovqat koʻrgazmasi ish boshladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan maʼlum qilishlaricha, unda yuzdan ziyod oʻzbekistonlik tadbirkorlar ishlab chiqargan va yetishtirgan mahsulotlardan namunalar namoyish etilmoqda. Shuningdek, oʻndan ziyod tadbirkorlarimiz oʻzlari bevosita ishtirok etmoqda.

– “Elmir agayem”, “Sia kabulaty fruit” kabi korxonalarning qovun, meva va koʻkatlariga koʻpchilik qiziqish bildirmoqda, – deydi koʻrgazmada ishtirok etayotgan jamgʻarma vakili Jahongir Mustafoyev. – Keyin bizda yetishtirilgan piyoz bilan qiziqayotganlar ham bor. Bu yerda bir kilogramm piyoz 0,5 yevro ekan. Bu oʻzimiz bilan solishtirganda oʻn barobar qimmat demakdir. Konservalangan osh va quritilgan mevalarga ham talab yuqori.

Qayd etish joizki, yaqinda jamgʻarma vakolatxonasi Latviyadan rasman roʻyxatdan oʻtkazilgan edi.

Vakolatxonaning asosiy vazifasi Latviya bozorida marketing tadqiqotlarini oʻtkazish, xorijiy hamkorlarni topish, mahalliy brendlar reklamasini taʼminlash, koʻrgazma, yarmarka, tender savdolari va boshqa tadbirlarda tadbirkorlarning ishtirokini tashkillashtirishdan iborat.

Qolaversa, vakolatxona xorijlik ishbilarmon doira vakillarining yurtimizda biznes faoliyatini yuritish uchun yaratilgan sharoitlar haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirib, ularning oʻz sarmoyalarini kiritishga jalb qilishda faol ishtirok etadi. Shuningdek, yurtimiz tadbirkorlarining Latviyada savdo uylari ochish va xorijda oʻz mahsulotlarini olib chiqishiga koʻmak beriladi.

Sayyora Shoyeva, OʻzA
2 782