O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Piskentda barpo etilayotgan laboratoriya Markaziy Osiyoda yagona boʻladi

Piskentda barpo etilayotgan laboratoriya Markaziy Osiyoda yagona boʻladi

Toshkent viloyati Piskent tumanida elektromagnit moslashuvchanligi laboratoriyasi barpo etilmoqda. Endilikda chetdan olib kelinadigan va oʻzimizda ishlab chiqarilgan avtomobillar hamda ularning ehtiyot qismlari shu yerda sinovdan oʻtkaziladi. Soha mutaxassislarining taʼkidlashicha, loyiha Markaziy Osiyoda yagona boʻlib, chexiyalik va germaniyalik hamkorlar bilan amalga oshirilmoqda.

Chexiyadagi “EXPORTA" kompaniyasi laboratoriya qurilishi, jihozlanishi va akkreditatsiyasini oʻz zimmasiga olgan boʻlib, shuningdek, Chexiya metrologiya instituti mutaxassislarini jalb etgan holda mahalliy mutaxassislar tayyorlashda ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Bugun tumandagi Janubiy avtopoligondan ajratilgan 20 gektar maydonda qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda. Laboratoriyaning birinchi qismi joriy yilning avgust oyida yakunlanishi rejalashtirilgan. Qurilishni 2023-yilgacha toʻliq yakunlash koʻzda tutilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 1,3 million AQSH dollaridan iborat boʻlib, uning 15 foizini “Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi oʻz zimmasiga olgan, qolgan 85 foizi esa xalqaro moliya muassasalari tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit hisobidan qoplanadi.

Ahamiyatlisi, laboratoriya Yevropa hamda Oʻzbekiston texnik reglamentining belgilangan talablari asosida barpo etiladi va tahliliy xulosalari Yevropa davlatlari tomonidan toʻliq tan olinadi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, laboratoriya foydalanishga topshirilgach, nafaqat yengil avtomobillar, balki qishloq xoʻjalik texnikalari, ogʻir yuk tashuvchi transport vositalari va ularning butlovchi qismlari ham xalqaro parametrlar boʻyicha sinovdan oʻtkaziladi. Asosiy maqsad mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulot sifatini yaxshilash orqali mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish va isteʼmolchilar manfaatini ishonchli himoya qilishga qaratilgandir.

1 525
OʻzA