O‘zA O`zbek

30.03.2020 Chop etish versiyasi

Pillachilik mavsumiga tayyorgarlik avjida

Pillachilik mavsumiga tayyorgarlik avjida
EL BOSHIGA ISH TUSHSA...

Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanida pillachilik yoʻnalishida faoliyat olib boruvchi “Sharq ipak durdonalari” klaster faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Ayni kunda Qumtepa, Qamishtepa muqobil mashina traktor parki hududlarida ipakchilikning muhim omili boʻlgan 41 gektar maydonda yangi tut plantatsiyalari tashkil etildi. Bu bir vaqtning oʻzida 300 nafardan ortiq aholi bandligini taʼminlash, oilaviy daromad koʻlamlarini oshirish imkoniyatini berdi. Pillachilik klasteri aʼzolari bepul koʻchat, pilla urugʻlari bilan taʼminlanadi. Bundan tashqari, ekinlar oraligʻiga ekilgan sabzavot va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlaridan keladigan daromad ham ipakchi klaster aʼzolari ixtiyorida qoladi.

Darhaqiqat, kam taʼminlangan, ijtimoiy nochor oilalarga kasanachilik asosida boʻlib berilgan ekin maydonlarida amaliy ishlar boshlanib ketgan. Tut koʻchatlari oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda. Nihollarni sugʻorish, oziqlantirish bilan bogʻliq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Har bir kasanachi belgilangan tartibda mehnat stajiga ega boʻldi, ijtimoiy himoyaga olindi. Bu ipakchilik ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla yetishtirish hajmini oshirish, sifatini yaxshilash bilan birga, oilalarga qoʻshimcha daromad topish imkoniyatini bermoqda.

– Ishchi guruh aʼzolari xonadonimizda boʻlib oilaviy sharoitimizni oʻrgandi, pillachilik yoʻnalishidagi klasterga aʼzo boʻlish, imtiyoz va imkoniyatlar xususida tushuntirishlar berdi, – deydi “Fayz” mahallasidan kelgan Tilavoldi Umarov. – Kasanachi boʻlib ishlashga rozi boʻldim. Oilamiz bilan bir gektar yerga 4 ming tup nihol oʻtkazdik. Tutzorlar orasiga kartoshka ekdik. Dastlabki hisob – kitoblarimizga koʻra, kartoshkadan oʻrta hisobda 3 tonna hosil olsak daromad koʻlami 12 million soʻmdan oshadi. Bundan tashqari, shartnoma asosida 5 quti ipak qurti parvarishlab, har bir kilogrammini 20 ming soʻmdan sotgan taqdirimizda 5,5 million soʻmdan ortiq foyda olamiz. Pillachilik sohasida topilgan umumiy daromad miqdorini yilga taqsimlasak, kasanachi sifatida har bir oyiga 1 million 400 ming soʻmdan daromad topish imkoniyati bor. Bu juda katta qulaylik, imtiyoz. Faqat undan samarali foydalanish uchun mehnat qilishimiz kerak.

Shu kunga qadar tumandagi yangi tut plantatsiyalari ekilgan 160 ming donadan ortiq nihollar rivoji avjida. Bundan tashqari, “Aligavhar –Langar” muqobil mashina traktor parki hududida Yoshlar ittifoqi tuman boʻlimi tashabbusi bilan tashkil etilgan 28 gektar tut plantatsiyalari yoshlar ixtiyoriga boʻlib berildi.

–Bir xoʻjalikda oʻn jon yashaymiz, – deydi tumandagi “Loyson” mahalla fuqarolar yigʻini hududi yashovchi Abdumutal Olimov. – Oʻtgan mavsumda oila aʼzolarimiz “Nurli tong silk” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma asosida 8 quti ipak qurti parvarishlab, 10 million soʻmdan ortiq daromad koʻrdi. Qish uchun oʻtin gʻamladik, chorva boqdik. Bundan tashqari, bir gektar maydonda tut plantatsiyasi tashkil qilib, ekinlar oraligʻiga kartoshka ekib mehnatimizga yarasha daromad koʻtardik. Yil yakunida oilaviy mehnat, izlanishlarimiz mahsuli boʻlgan sof daromad hisobidan Umra ziyoratida boʻlib qaytdim.

Viloyat “Agropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan olingan maʼlumotga koʻra, ayni kunga qadar 5 ming 894 nafar kasanachilar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq 174 gektar yangi tutzorlarga 548 ming donadan ortiq tut koʻchatlari oʻtqazildi. Ishchi xodimlarga koronavirusga qarshi barcha zarur antiseptik vositalar, tibbiy niqob va qoʻlqoplar yetkazib berilgan. Xavfsizlik choralari asosida dala ishlari davom etmoqda.

773
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), OʻzA