O‘zA O`zbek

03.06.2020 Chop etish versiyasi

Pillachilik: Har bir qutidan 60-70 kilogramm hosil olindi

Pillachilik: Har bir qutidan 60-70 kilogramm hosil olindi

Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani pillakorlari tomonidan 3 ming 80 quti ipak qurti parvarishlandi. 169,4 tonna yuqori sifatli pilla yetishtirilib, belgilangan shartnoma rejasi ortigʻi bilan bajarildi.

– Tuman pillakorlari uchun bu yil muvaffaqiyatli keldi, – deydi tuman hokimining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari Bunyodbek Ismoilov. – Fermer va pillakorlarimizning samarali mehnatlari tufayli pilladan kutilgandan yuqori hosil olindi.

Joriy mavsumda tumandagi 2 ming 260 ta aholi xonadonida ipak qurti parvarishlandi. Barcha agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida, belgilangan tartiblar asosida olib borildi. Natijada koʻplab tajribali pillakorlar har bir qutidan rejadagi 55 kilo oʻrniga 60-70 kilodan “kumush tola” yetishtirdi.

Pillachilik klasterlari – “Oltinkoʻlning oltin ipagi” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2 ming 288 qutidan 133,5 tonna, “Asaka silk vorm” masʼuliyati cheklangan jamiyati 410 qutidan 20,3 tonna, “Andijon Guang Tong” masʼuliyati cheklangan jamiyati esa 282 qutidan 15,6 tonna pilla yetkazib berib, umumiy xirmonga munosib hissa qoʻshdi.

Mavsumda Andijon, Oqtepa, S.Ashurov nomli massivlar pillakorlari peshqadam boʻldi. Ayni kunlarda yana qator xonadonlarda pilla terimi davom etmoqda. Tuman pillakorlari umumiy xirmonni 171 tonnaga yetkazishni maqsad qilgan.

1 619
F.UBAYDULLAYEV, OʻzA