Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 18:10 Chop etish versiyasi

Peshqo‘rg‘onda ichki ishlar bo‘linmasi ochildi

Peshqo‘rg‘onda ichki ishlar bo‘linmasi ochildi Namangan viloyati Chortoq tumani Peshqo‘rg‘on qishlog‘ida tuman ichki ishlar bo‘limining 9-sonli ichki ishlar bo‘linmasi ish boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor joylarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2017-yil 10-apreldagi "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.

Mazkur huquq-tartibot idorasi uchun tanlangan 2 qavatli binoda 350 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, xodimlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Viloyat markazidan 80 kilometr uzoqda, qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududda joylashgan Peshqo‘rg‘on qishlog‘ining Uzunko‘cha, Bodomzor, To‘pqayrag‘och, Arbag‘ish, Olaariq, Baliqli ko‘l, Hazratishoh, To‘riq kabi 16 mahallasida 52 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda ichki ishlar bo‘linmasi tashkil etilishi tizim xodimlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish bilan birga, aholining huquqiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.

– Pasport olish, almashtirish kabi ichki ishlar tizimi bilan bog‘liq yumushlar uchun 30-35 chaqirim yo‘l bosib, tuman markaziga borar edik, – deydi mehnat faxriysi N.Narzullayev. – Yarim soatlik ish uchun bir kun vaqtimiz ketardi. Endi bunday ovoragarchiliklar bartaraf etildi. Eng muhimi, ichki ishlar bo‘linmasining yaqin joyda bo‘lishi qishloqdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

– Bo‘linma tashkil etilishi bilan ko‘plab muammolar, qiyinchiliklar yechimini topadigan bo‘ldi, – deydi Chortoq tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i A.Davlatov. – Zero, aholiga qancha yaqin bo‘lsak, profilaktika-targ‘ibot ishlari shuncha samarali bo‘ladi. Yangi binoda xodimlarning samarali ishlashi uchun barcha sharoit muhayyo. Jumladan, xodimlarning o‘z ustida ishlashi, sport bilan shug‘ullanishi va kasbga oid boshqa tayyorgarlik tadbirlari uchun zarur imkoniyatlar mavjud. Bu kelgusi faoliyatimizda albatta o‘z samarasini beradi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
2 245






Все о погоде - Pogoda.uz