O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Perinatal tibbiyotning dolzarb muammolari

Perinatal tibbiyotning dolzarb muammolari

Poytaxtimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Perinatal tibbiyotning dolzarb muammolari” mavzuida I xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNISEF, YuNFPA ekspertlari, Rossiya, Germaniya, Ukraina, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning soha mutaxassislari, yurtimizdagi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari olimlari, shifokorlar ishtirok etdi.

Anjuman perinatal yordamni mintaqalashtirish, onalar o‘limi, akusherlikdagi holatlarning inqirozli auditi, “asosiy akusherlik sindromlari”ning dolzarb muammolari, akusherlikdagi favqulodda vaziyat va zamonaviy akusherlikda kesarcha kesish amaliyotiga bag‘ishlandi.

Unda neonatologiyadagi dolzarb muammolardan sanalgan kam vaznli bolalarni parvarish va reabilitatsiya qilish, perinatal yuqumli asoratlar va neonatol sepsis, homila va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hayotini jarrohlik amaliyoti yordamida saqlab qolish, ularda endoskopik jarrohlik muolajalari o‘tkazish, homilaning tug‘ma nuqsonlarida malakali akusherlik yordamini ko‘rsatish va bu jarayonda bevosita hamshiralarning ham munosib ishtirokini ta’minlash singari muhim masalalar xususida so‘z yuritildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda olib borilayotgan islohotlar yurtimiz perinatal xizmati tizimida ham o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi. Buni yurtimizda 2002 yilda tashkil etilgan Respublika perinatal markazi faoliyati misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Markazda akusherlik, ginekologik, neonatol yo‘nalishlarda zamonaviy diagnostika usullari, malakali kadrlar ta’minoti, moddiy-texnik baza mustahkamligi bo‘yicha ma’lum yutuqlarga erishilmoqda. Bu esa sohani yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilash hamda perinatal yordam ko‘rsatish natijalarini baholashda muhim omil sanaladi.

2012 yildan boshlab mamlakatimizda perinatal yordamni tashkillashtirish maqsadida yurtimizning barcha hududlaridagi tug‘ruq majmualari viloyat Perinatal markazlariga aylantirildi. Ayni paytda mamlakatimizda 17 viloyat perinatal markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Markazimizda noyob operatsiyalar ham amalga oshirilayotgani bois hatto qo‘shni davlatlardan kelgan bemorlarga ham malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, – dedi Respublika Perinatal markazi ginekologiya bo‘limi mudiri Jahongir G‘afurov. – Qabul qilish va tashxis qo‘yish, homiladorlar patologiyasi, tug‘ruqxona bo‘limlari, onalar va chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limi, neonatol jarrohlik, chala tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish, ginekologiya bo‘limlari, laboratoriya hamda qo‘shimcha xizmatlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Eng so‘nggi tashxis qo‘yish va davolash uskunalari bilan jihozlangan markazda malakali mutaxassislar zamonaviy davolash usullaridan keng foydalanmoqda. RPMda har yili o‘rtacha 6 ming chaqaloq dunyoga keladi. Ularning 38 foizi poytaxtga va 62 foizi hududiy filiallarimizga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ushbu ko‘rsatkichlarning 67 foizi patologik ko‘rinishdagi tug‘ruqlardir.

Markazda, shuningdek, chaqaloq dunyoga kelgach, shifokorlar zudlik bilan jarrohlik amaliyotini bajarishi talab qilinadigan holatlar ham uchrab turadi. Respublika perinatal markazining chaqaloqlar neonatol jarrohlik bo‘limi mutaxassislari o‘ta murakkab operatsiyalarni amalga oshirmoqda. Zamonaviy tashxis qo‘yish va davolash dasturlari amaliyotga joriy etilib, muntazam takomillashtirib borilmoqda. Xususan, videoendoskopik usulda qizilo‘ngachning operatsiyadan keyingi chandiqli torayishini butlash, anorektal sohada va siydik yo‘llarida tug‘ma nuqsonlardagi jarrohlik amaliyotlarini regional og‘riqsizlantirish, diafragma churralari, qizilo‘ngach atreziyasini torakoskopik korreksiyasi, qorin bo‘shlig‘idagi o‘simtalarni laparoskopiya yordamida olib tashlash, diagnostik sistoskopiya, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni neyrosonografiya va exokardiografiya usuli yordamida tomir dopplerometriyasini qo‘llash amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mazkur amaliyotlarning keng yo‘lga qo‘yilgani sabab bugungi kunda erta tashxis qo‘yish, operatsiya yo‘li bilan davolash va operatsiyadan keyin parvarish qilish usullari takomillashtirilgani samarasida qariyb 90 foiz chaqaloqlar hayoti saqlab qolinmoqda. Bu esa jahon ko‘rsatkichlariga to‘la mos keladi. Bundan tashqari, chaqaloqlar operatsiyadan so‘ng bir yil va undan ortiq vaqt davomida shifokorlar nazoratida bo‘ladi.

Anjumanda homiladorlik, tug‘ish, tug‘ruqdan keyingi davrda ayollarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish doimiy ravishda davom etib, rivojlanishi kerakligi ta’kidlandi.

250
Mohigul QOSIMOVA, O‘zA